Mamlakatimiz bo‘ylab amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi bugungi kunda keng qamrovli harakatga aylandi. Ushbu loyiha nafaqat ko‘kalamzorlashtirish, balki ekologik madaniyatni yuksaltirishga ham xizmat qilmoqda. Yosh avlod ongida ona tabiatga mehr va mas’uliyat tuyg‘usi kuchaymoqda.
Namangan shahridagi 88-sonli umumta’lim maktabida ana shunday tadbirlardan biri uyushqoqlik bilan o‘tkazildi. Ko‘chat ekish jarayonida Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari Otabek Bozorov va ta’lim sohasi vakillari hamda yoshlar faol ishtirok etdi. Belgilangan hududda 120dan ziyod mevali va manzarali ko‘chatlar o‘tqazilib, o‘ziga xos “Yashil bog‘” barpo qilindi.

Shunday ko‘tarinkilik Davlatobod tumanidagi 55-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida ham kuzatildi. Tadbir jamoat tashkilotlari va xodimlar ishtirokida yuqori ruhda o‘tib, unda 200 tup daraxt ko‘chatlari ekildi.

“Yashil makon” loyihasi doirasidagi navbatdagi ko‘chat ekish aksiyasi To‘raqo‘rg‘on tumanidagi 25-sonli umumta’lim maktabida ham davom etdi. Bu galgi aksiyada viloyatdagi barcha ijtimoiy soha tashkilotlari rahbarlar ishtirok etdi. Jamoaviy harakat tadbirning yanada samarador o‘tishini ta’minladi. Maktab bog‘iga ekilgan 500 dan ziyod turli ko‘chatlar atrof-muhitning yanada go‘zal va so‘lim maskanga aylanishiga xizmat qilibgina qolmay, balki yoshlar ongida tabiatga mehr, ekologik madaniyatni shakllantirishga qaratilgan muhim amaliy qadamlardan biri bo‘ldi.

Yangi Namangan tumanidagi 89-sonli umumta’lim maktabi hududida “Yashil makon” loyihasi tadbiri yuksak uyushqoqlik bilan tashkil etildi. Unda turli xil manzarali va mevali daraxtlar yerga qadaldi.
Qayd etish joiz, mavsum davomida tumandagi maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari hududlarida jami 4 ming 500 tup ko‘chat ekish rejalashtirilgan.

“Yashil makon” loyihasi doirasidagi bu kabi ezgu ishlar viloyatdagi barcha maktab va bog‘chalarda izchil amalga oshirilmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.