Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maktablar yangi o‘quv yiliga tayyorlanmoqda
10:58 / 2024-08-12

Mamlakatimizdagi barcha ta’lim muassasalarida yangi o‘quv yili boshlanishiga sanoqli kunlar qoldi.

Ayni kunlarda Namangan viloyatidagi 48 ta maktab va 11 ta bolalar bog‘chasi, jami 59 ta ob’ektda Prezidentimizning 2023 yil 25 dekabrdagi “2024-2026 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida umumiy qiymati 386 milliard so‘mga teng qurilish, ta’mirlash, qayta rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirilmoqda.

Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi axborot xizmati tomonidan tashkil etilgan press-turda ommaviy axborot vositalari vakillari yangi o‘quv yiliga hozirlanayotgan bilimgohlardagi bunyodkorlik jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.

Davlatobod tumanidagi 91-sonli umumta’lim maktabi 1970 yilda qurilgan. Maktab bugungi kun talabiga mos bo‘lmagan sharoitda faoliyat yuritib keldi. Joriy yil investitsiya dasturiga tushgan mazkur ilm maskanida mavjud 270 o‘rinli o‘quv binosini mukammal ta’mirlash hamda 12x24 o‘lchamdagi yangi sport zalini qurish ishlari jadal olib borilmoqda. Buning uchun davlat byudjeti hisobidan 3 milliard 702 million so‘m mablag‘ sarflanmoqda. Yangi o‘quv yili arafasida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan mazkur maktabda mukammal ta’mirlashdan so‘ng o‘quvchilarga sifatli ta’lim-tarbiya berish uchun barcha shart-sharoit yaratiladi.

Tumanning Bog‘ mahallasidagi 95-sonli umumta’lim maktabi binosidan ilgari Mehribonlik uyi, bolalar bog‘chasi va litsey sifatida foydalanib kelingan. 2023 yildan esa maktab faoliyat yuritib kelmoqda. Joriy yilda qayta rekonstruksiya ishlari bajarilayotgan ushbu ta’lim dargohi uchun 10 milliard 909 million so‘m ajratilgan.

– Biz uchun najot – ilmda, ta’limda, tarbiyada. Bu haqiqatni teran his etgan davlatimiz rahbari farzandlarimizning barkamol insonlar bo‘lib kamol topishida g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelmoqda, – deydi Davlatobod tumanidagi 95-sonli umumta’lim maktabi direktori, Xalq ta’limi a’lochisi Ma’sudaxon Mirzamova. –Hududimizda aholi soni o‘smoqda. Tabiiyki, bolalarning sifatli ta’lim olishi uchun qo‘shimcha o‘quv binolariga ehtiyoj paydo bo‘ldi. Ayni shu talabdan kelib chiqqan holda maktabimiz zamonaviy ko‘rkam qiyofa kasb etib, barcha zarur imkoniyat muhayyo etilmoqda.

Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi soha infratuzilmasini rivojlantirish shu’basi rahbari G‘olibjon Asraqulovning qayd etishicha, Namangan viloyatida so‘nggi yetti yilda 247 ta muassasa, shu jumladan, 24 ta yangi maktab binosi qurilib, 126 ta maktab rekonstruksiya qilindi. Shuningdek, 97 ta maktab binosini mukammal ta’mirlash ishlari bajarilib, ushbu xayrli maqsadlarga 1 trillion 17 milliard 800 million so‘m yo‘naltirildi.  

E’tiborlisi, so‘nggi yillarda innovatsion loyihalar asosida qurilayotgan yuzlab umumta’lim maktablari xalqaro standartlarga mos ravishda jihozlanmoqda. Yangi qurilgan, kapital ta’mirdan chiqarilgan, rekonstruksiya qilingan ushbu maskanlarning isitish tizimlari, kuzatuv kameralari bilan ta’minlanishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Oqilxon Dadaboyev,

O‘zA muxbiri