Sirdaryo viloyati hokimligi tomonidan viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tizimidagi umumta’lim maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularni zamonaviy raqamli texnologiyalar bilan jihozlash bo‘yicha amaliy ishlar izchil davom etmoqda. Shu maqsadda hududdagi 25 ta umumta’lim maktabiga jami 25 dona zamonaviy interaktiv sensorli panellar yetkazib berildi.
Mazkur zamonaviy o‘quv qurilmalari darslarni pedagogik talablar asosida tashkil etish, o‘quv jarayonini vizual-axborot materiallari bilan boyitish, shuningdek, o‘quvchilarning faol ishtirokini oshirishga xizmat qiladi.

– Maktabimizga berilgan va o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan interaktiv panellar o‘quv jarayonida katta qulayliklar yaratadi, – deydi Boyovut tumanidagi 21-sonli umumta’lim maktabi direktori Oloviddin Karshibayev. – Eng avvalo, o‘qituvchilar uchun dars materiallarini yanada tushunarli, zamonaviy va interaktiv shaklda taqdim etish imkoniyati kengayadi. Ushbu qurilmalar o‘quvchilarning fanlarga bo‘lgan qiziqishini oshiradi, amaliy mashg‘ulotlar samaradorligini orttiradi. Ta’lim muassasalarini texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlayotgan viloyat rahbariyatiga o‘z minnatdorligimizni bildiramiz.
Viloyat hokimligi mas’ullari ta’kidlashicha, ta’lim muassasalarini zamonaviy texnik vositalar bilan ta’minlash ishlari bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Kelgusida esa boshqa maktablarga ham raqamli o‘quv uskunalarini yetkazib berish rejalashtirilgan.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri