Navoiy viloyatida O‘zbekiston Respublikasi IIV va viloyat IIB mas’ul xodimlari tomonidan viloyatning tuman-shahar IIB boshliqlariga biriktirilgan umumta’lim maktablarida tashkiliy va metodik ko‘maklashish yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda
O‘rganishlar davomida umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘quvchilarning huquqiy ong va madaniyatini oshirish, ularni qonunga itoatkorlik hamda milliy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ular tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilishini barvaqt oldini olish, maktablarda oliy ta’lim qamrovi va bandlik darajasini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ichki ishlar vazirligi MMI va KBTD Ta’lim jarayonini tashkil etish boshqarmasi mas’ul xodimi, podpolkovnik B.Egamberdiyev va bir qator mas’ullar tomonidan Karmana tumani Ichki ishlar bo‘limiga biriktirilgan 11-umumiy o‘rta ta’lim maktabida 2024-2025 o‘quv yili davomida maktablar bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlarni samarali tashkil etish maqsadida mahorat darsi o‘tkazildi.

Unda o‘quvchilarga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, qabul qilinayotgan qonun hujjatlari va davlat dasturlarining mazmun va mohiyati haqida tushunchalar berildi.
Shuningdek, uchrashuv jarayonida “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida o‘quvchilarni axborot texnologiyalari bo‘yicha fan to‘garaklari va o‘quv kurslariga jalb etish orqali ularning veb dasturlash, mobil ilovalar, sun’iy intellekt, elektron platformalar va robototexnika sohasidagi qiziqishlarini oshirish maqsadida amalga oshirishlari lozim bo‘lgan bir qator vazifalar belgilab olindi.
Uchrashuv so‘nggida mas’ul xodimlar o‘quvchilarga yaratilgan sharoitlar, maktabda amalga oshirilayotgan ishlar, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayoni va dars mashg‘ulotlari bilan tanishdi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri