Dunyo miqyosida bolalar salomatligini muhofaza qilish, ularning to‘g‘ri rivojlanishi uchun qulay sharoit yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Ayniqsa, maktabgacha va maktab ta’limi muassasalarida sog‘lom ovqatlantirish tizimini yo‘lga qo‘yish nafaqat bolalarning jismoniy o‘sishi, balki intellektual salohiyatini rivojlantirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois, rivojlangan davlatlar tajribasini o‘rganish va uni milliy ta’lim tizimiga tatbiq etish bugungi kunda dolzarb vazifaga aylangan.
Ana shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda tegishli idoralar vakillaridan iborat delegatsiya Yaponiyada bo‘lib, qator hamkorlik uchrashuvlarida ishtirok etdi. Safar davomida mazkur mamlakatda maktabgacha va maktab ta’limi muassasalarida sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va bu jarayonni boshqarish mexanizmlari atroflicha o‘rganildi.

Uchrashuvlar doirasida delegatsiya a’zolari Yaponiya Ta’lim, madaniyat, sport, fan va texnologiyalar vazirligi, Yaponiya Sog‘liqni saqlash, mehnat va ijtimoiy ta’minot vazirligi, Yaponiya Iste’molchilar ishlari agentligi hamda Maktab tushligini yaxshilash bo‘yicha assotsiatsiya mutaxassislari bilan muloqot qildi. Suhbatlar jarayonida maktablarda ovqatlanishni tashkil etishning huquqiy asoslari, sanitariya-gigiyena talablari, mahsulotlar sifati nazorati, shuningdek, ta’lim jarayonida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish masalalari keng muhokama qilindi.
Yaponiya tajribasi shuni ko‘rsatadiki, maktablarda ovqatlanish tizimi faqatgina bolalarni oziqlantirish bilan cheklanmaydi. U tarbiyaviy jarayonning bir qismi sifatida qaraladi, bolalarga to‘g‘ri ovqatlanish madaniyati o‘rgatiladi, mahsulot tanlash va ratsion tuzish bo‘yicha bilim beriladi, gigiyena qoidalariga amal qilish esa kundalik odatga aylantiriladi.

Olib borilgan o‘rganishlar natijasida ilg‘or tajribalarni O‘zbekiston ta’lim tizimiga joriy etish rejalashtirilmoqda. Jumladan, maktabgacha va maktab ta’limi muassasalarida sog‘lom ovqatlantirish tizimini yanada takomillashtirish, oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash va samarali boshqaruv mexanizmlarini joriy etish ko‘zda tutilgan.
Bu kabi hamkorlik va tajriba almashuvi kelajak avlod salomatligini ta’minlash, ta’lim muassasalarida xavfsiz va sifatli ovqatlanish muhitini yaratish, shuningdek, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA