Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maktabgacha va maktab ta’limi sohasida Barqaror rivojlanish maqsadlari: ko‘rsatgichlar, muammolar va yechimlar
10:14 / 2023-09-27

O‘zbekistonni rivojlantirish bo‘yicha strategiyalarni Barqaror rivojlanish maqsadlari asosida amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Poytaxtimizda o‘tkazilgan “O‘zbekistonning barqaror rivojlanish milliy maqsadlari: BRMga yetish bo‘yicha erishilgan natijalar va muammolar” mavzusidagi xalqaro davra suhbatida Maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi vazirligi boshqarma boshlig‘i Laziz Xo‘jaqulov shular haqida so‘z yuritdi. 

U ma’ruzasida ta’lim sohasini rivojlantirish, maktabgacha va maktab ta’limi bilan qamrab olish, ta’lim sifatini oshirish, inklyuziv ta’limni kengaytirish, ta’lim uchun qulay sharoitlarni yaratish borasida Barqaror rivojlanish maqsadlarida belgilangan vazifalar asosida tizimli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

– Maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 30 ming 792 taga yetib, 
qamrov 72 foizga, tayyorlov guruhlarida 6 yoshli bolalarning qamrovi esa 90 foizga yetdi. Ilg‘or xorijiy tajribalar asosida 1-4 sinflar uchun 775 nomda yangi avlod darsliklari yaratildi. Erta yoshdagi bolalar ta’limi sifati va natijalarini baholash bo‘yicha xalqaro MELQO ta’lim sifatini baholash tizimi orqali Toshkent viloyati va Toshkent shahridagi 10 ta MTT aprobatsiyadan o‘tkazilmoqda. Jahon banki va UNICEF kabi xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda MTTning 14 mingdan ziyod pedagog xodimlari 3 bosqichda 40 soatga mo‘ljallangan qisqa muddatli malaka oshirish kursida o‘qitiladi.

Malakali o‘qituvchilarni moddiy rag‘batlantirish tizimi takomillashtirilib, xalqaro va milliy sertifikatlar uchun 50 foizgacha, chekka hududlarda faoliyat uchun 100 foizgacha ustamalar belgilangan. 1 ming 690 nafar malakali pedagog xodimni Vazir jamg‘armasi hisobidan qo‘shimcha rag‘batlantirish yo‘lga qo‘yildi. “Hayot davomida o‘qish” tamoyili asosida 309 mingdan ortiq maktabgacha va maktab ta’limi xodimlarining malakasi oshirildi.

Zamonaviy ta’lim tizimining barqaror rivojlanishida imkoniyati cheklangan bolalarning qonuniy manfaatlarini ta’minlaydigan 
ta’lim-tarbiyaning muqobil turlari tashkil etilishi muhim o‘rin tutadi. So‘nggi besh yilda 500 ga yaqin o‘quvchining (imkoniyati cheklangan bolalar) umumiy o‘rta ta’lim maktablariga qaytishi ta’minlandi. Hozirda 5 ming 900 dan ortiq umumiy o‘rta ta’lim maktablarida inklyuziv ta’lim bilan 64 ming 658 nafarga yaqin o‘quvchi qamrab olingan.

Hozirgi kunda “Inklyuziv ta’limning sifat va samaradorligini aniqlash mezonlari”, “Alohida ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga inklyuziv sharoitda ta’lim-tarbiya berishda innovatsion texnologiyalarni qo‘llash” nomdagi metodik qo‘llanmalar hamda inklyuziv sinflar uchun 17, korreksion 1-sinflar uchun 28 nomda adaptiv dasturlar, inklyuziv sinflarda korreksiya ishlarini olib borish bo‘yicha “Eshitamiz, ko‘ramiz, chiroyli gapiramiz” nomli o‘quv qo‘llanma ishlab chiqildi.

15-24 yoshli aholi savodxonligi 100 foiz natija qayd etdi. Mamlakatimizning Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha natijasi 2015 yilda 66,31 foiz deya baholangan bo‘lsa,  2022 yilda  71,15 foizga ortib, dunyo bo‘yicha 69-o‘rinni egalladi.

“O‘zbekiston-2030” strategiyasida ham boshlangan islohotlarni izchil davom ettirish yuzasidan maqsadlar va ularning samaradorlik ko‘rsatkichlari belgilab berilgan.

Jumladan, maktabgacha va maktab ta’limini rivojlantirish bo‘yicha 5 ta maqsad va 19 ta maqsadli ko‘rsatkichlar kiritildi. Unga ko‘ra, bolalar maktabgacha ta’lim bilan 74 foizga va tayyorlov guruhlari bilan 93 foizga qamrab olinadi. Buning uchun qo‘shimcha 1 ming 600 ta nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil etiladi.

Maktablarda 1-sinfdan kompyuter savodxonligi darslari joriy etiladi. Yuqori sinf o‘quvchilarining qobiliyati va tanlovi asosida ta’lim jarayonlarini tashkil etish uchun 120 dan ortiq maktablarda tajriba-sinov o‘tkaziladi. Maktablarga har yili 500 nafardan xorijiy mutaxassislar jalb etiladi. Nodavlat ta’lim muassasalari soni 400 taga yetkaziladi.

Pedagoglarning jamiyatdagi mavqeini oshirish, ularni qo‘llab-quvvatlash va ularning salohiyatini oshirish maqsadida 150 ming nafar maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari xodimlarining malakasi uzluksiz oshiriladi.

Yuqorida ko‘rsatilgan vazifalarni samarali yo‘lga qo‘yish uchun yil yakuniga qadar tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda 
5 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalari ishlab chiqiladi.

Tan olish kerak, Barqaror rivojlanish maqsadlari asosida ta’lim tizimini rivojlantirish bo‘yicha muammolar ham yo‘q emas. Respublikada bolalar soniga nisbatan umumta’lim maktablaridagi o‘quvchi o‘rni nomutanosib bo‘lib, aksariyat maktablarda o‘quvchi o‘rni yetishmaydi. Hozirgi kunda respublikamizdagi maktab yoshidagi bolalar soni 6 million 543 ming 818 nafar. 10 ming 160 ta maktabda o‘quvchi o‘rni 5 million 266 ming 311 taga mo‘ljallangan. Shu sababli aksariyat maktablarda ikki navbatlilik tizimda ta’lim olib borilmoqda.

Respublikamizning chekka hududlaridagi ba’zi maktablarda elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolar mavjud. Darslar, asosan, informatika darslari hamda boshqa fanlarni axborot kommunikatsion texnika vositalari ishtirokida tashkil etish imkoniyati yo‘q. Natijada pedagoglar to‘liq imkoniyatlaridan (elektron qo‘llanmalar, audio va videolar) foydalanib, mavzularni mazmunli yorita olmaydi. Bu esa o‘quvchilarning yangi mavzuni to‘liq o‘zlashtirmasligiga sabab bo‘lib, ta’lim sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Umumta’lim maktablarini doimiy energiya manbai bilan ta’minlash ya’ni, maktablarda gibrid inverterli quyosh tizimi quyosh panellarini o‘rnatish orqali bu muammoni bartaraf etish imkoniyati bor.

Xulosa qilib aytganda, Barqaror rivojlanish sohasidagi Milliy maqsadlarning to‘liq amalga oshirilishi jamiyatning izchil rivojlanishiga, sifatli ta’limda yuqori samaradorlikka erishishga, xalq farovonligi va turmush sifatining yanada yaxshilanishiga, O‘zbekistonning xalqaro imiji yuksalishiga xizmat qiladi.

O‘zA muxbiri

Mohigul Qosimova yozib oldi.