Sirdaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tizimida amalga oshirilgan ishlar, mavjud muammolar va kelgusidagi vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda Sirdaryo viloyati hokimi Akmal Mahmudaliyev va boshqarma va uning hududiy bo‘limlari rahbarlari ishtirok etdi.
Viloyatda maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan o‘z samarasini bermoqda. Xususan, oxirgi yillarda bog‘chalar soni bir necha barobar ko‘paydi va 939 taga yetdi. Shuningdek, davlat tomonidan berilgan imtiyozlar natijasida xususiy va oilaviy bog‘chalar soni ortdi. Ularda maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalarning 77,3 foizi boshlang‘ich bilim va ko‘nikmalarni o‘zlashtirmoqda.

Tadbirda sohada bir qator kamchiliklar ham borligi ta’kidlandi. Jumladan, ayrim hududlarda bog‘chalar yetishmaydi. Oqoltin, Sirdaryo, Sayxunobod va Xovos tumanlarida qamrov darajasi viloyat ko‘rsatkichidan juda past. “Aqlvoy” mobil MTTlari ayrim rahbarlarning mas’uliyatsizligi oqibatida faoliyat yuritmayapti. Autsorsing usulida sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etish borasidagi ishlar sifati talab darajasida emas. Maktablardagi holatni o‘rganish, qaysi hududda ta’lim tizimi yaxshi rivojlangan, qaysi birida muammolar mavjud, ertaga yoshlarimizni sifatli bilimga ega bo‘lishi hamda ushbu olgan bilimini hayotga tatbiq qila olishlarini o‘rganish maqsadida reyd tashkil qilindi.

O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, viloyatdagi 182 maktabda 56 balldan past ko‘rsatkich qayd etilgan. Tizimda korrupsion holatlar hali ham kuzatilayotgani, xodimlarni lavozimga tayinlashda tanish-bilishchilikka yo‘l qo‘yilayotgani achinarli.
Ayniqsa, ba’zi direktorlarning adolatsiz boshqaruvi maktablarda nosog‘lom muhitni yuzaga keltirib, pedagoglar va ota-onalarning shikoyatlari ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda. Faoliyatida sustkashlikka yo‘l qo‘ygan hududiy rahbarlarni lavozimiga loyiqligi keyingi faoliyati natijadorligi tahlili asosida ko‘rib chiqiladigan bo‘ldi.
Yig‘ilish yakunida sohada sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, salbiy ko‘rsatkichlarni bartaraf etish, maktablarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va hududda ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan tezkor choralar haqida so‘z yuritildi. Shu bilan birga kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ish rejalari belgilab olindi.
Sh.SUYAROV, O‘zA.