Buxoro viloyat Olot tumani aholisining talab va istaklari asosida “G‘anchi Chandir” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida zamonaviy 26-sonli davlat maktabgacha ta’lim muassasasi barpo etildi. Ushbu muassasa 90 nafar bolani qamrab olish imkoniyatiga ega bo‘lib, barcha zarur sharoit va jihozlar bilan ta’minlanmoqda.
Bog‘cha binosi milliy me’morchilik uslubida, zamonaviy qurilish materiallari asosida barpo etilgan. Unda tarbiyalanuvchilar uchun yorug‘ va qulay o‘quv-tarbiyaviy xonalar, yotoqxona, oshxona, tibbiyot xonasi, musiqa va sport zallari, shuningdek, ochiq havoda o‘yin maydonchalari mavjud.

Yangi muassasani yaqin kunlarda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Shu kabi zamonaviy bog‘chalar soni ortishi olis tumanda yosh avlodning intellektual, jismonan va ruhan rivojlanishiga zamin yaratadi.

Tumanda jami maktabgacha ta’lim tashkiloti 79 taga yetkazilgan bo‘lib, shundan 29 tasi davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti maqomiga ega. Ularda hozirda jami 135 guruhdan 130 ta kuni uzaytirilgan guruh, 5 ta qisqa muddatli guruh faoliyat yuritib kelmoqda. Xuddi shunday, tumanda 2 ta davlat xususiy-sherikchiligi asosidagi maktabgacha ta’lim tashkiloti hamda 48 ta oilaviy maktabgacha ta’lim tashkiloti mahalla va qishloqlardagi o‘nlab, balki yuzlab bolajonni o‘z quchog‘iga olmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.