French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maktabgacha ta’lim vazirligi Qo‘qon universiteti bilan hamkorlik qiladi
16:18 / 2021-01-22

Maktabgacha ta’lim sohasini rivojlantirish, muqobil shakllarini yaratish va ularni malakali kadrlar bilan ta’minlash maqsadida Maktabgacha ta’lim vazirligi va Qo‘qon universiteti o‘rtasida memorandum imzolandi.

Memorandum asosida kelgusida yosh avlodga sifatli ta’lim-tarbiya berish, ularni jismoniy va ma’naviy sog‘lom, vatanparvar insonlar etib ulg‘aytirish, yoshlarni zamonaviy bilim va tajribalar, milliy va umumbashariy qadriyatlar asosida mustaqil va mantiqiy fikrlaydigan, ezgu fazilatlar egasi etib voyaga yetkazish kabi keng qamrovli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish rejalashtirib olindi.

Maktabgacha ta’lim vaziri o‘rinbosari Maqsud Yuldashev Qo‘qon universitetida maktabgacha ta’lim tashkilotlari mutaxassislari tayyorlash bo‘yicha yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Universitet bazasida "Bolalarni erta rivojlantirish ilmiy-tadqiqot markazi" tashkil etish, o‘zaro hamkorlikda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida davlat ta’lim va tarbiya dasturlarini tatbiq etish asnosida bolalarning rivojlanishidagi tafovutlarni o‘rganib, yosh kadrlarning ilmiy izlanishlariga ko‘maklashish, uzluksiz tadqiq etishni yo‘lga qo‘yish xususida takliflar ilgari surildi. Har bir maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori ta’lim menejmenti talablaridan xabardor bo‘lishi kerakligi ta’kidlanib, Qo‘qon universitetida maktabgacha ta’lim va menejment yo‘nalishlari kesimida kadrlar zaxirasini shakllantirishga kelishildi.

Shu yerda "Maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirishning zamonaviy yondashuv va istiqbol yo‘nalishlari" mavzusida seminar-trening bo‘lib o‘tdi. Unda Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilab berilgan vazifalarga alohida e’tibor qaratildi.

Maktabgacha ta’lim vaziri o‘rinbosari Maqsud Yuldashev, Qo‘qon universiteti rektori Sherzod Mustafoqulov, Qo‘qon shahar prokurori Ulug‘bek Hamdamovlar mamlakatimizda maktabgacha ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan yangilanishlar, islohotlar xususida so‘z yuritdi.

Maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktorlari va xodimlarining malakasini oshirishga qaratilgan seminar-trening ikki kun davom etib, turli yo‘nalishlarda ma’ruza-taqdimotlar bo‘lib o‘tdi.

 

M.Sulaymonov, O‘zA