O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Maktabgacha ta’lim va tarbiya tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Unga muvofiq, quyidagilar maktabgacha ta’lim va tarbiya tizimini takomillashtirishning asosiy maqsadlari etib belgilandi:
a) maktabgacha yoshdagi bolalarning intellektual, ma’naviy-axloqiy, ijodiy, jismoniy va har tomonlama yetuk shaxs bo‘lib rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
b) ta’lim-tarbiya jarayonini ilg‘or tajribalarga muvofiq innovatsion texnologiyalar asosida tashkil etish;
v) sohaga xususiy sektorni keng jalb qilishni yanada qo‘llab-quvvatlash va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini kengaytirish uchun qo‘shimcha rag‘batlantirish mexanizmlarini joriy etish.
Farmonda:
a) bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarining ta’lim dasturini majburiy umumiy o‘rta ta’limning dastlabki bosqichi sifatida kiritish;
b) maktabgacha ta’lim tizimida bolalarni tarbiyalash, rivojlantirish va ularga ta’lim berishni ijobiy munosabatlar orqali amalga oshirish maqsadida o‘yinga asoslangan ta’limni joriy etish;
v) maktabgacha ta’lim va tarbiya tizimini yangi sifat bosqichiga olib chiqishga qaratilgan va Bolalarni rivojlantirish innovatsion markazini o‘z ichiga olgan "Yangi avlod" maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘i tashkil etish belgilangan.
Bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarining ta’lim dasturlari maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumiy o‘rta ta’lim maktablari va boshqa ijtimoiy soha ob’ektlarida to‘liq yoki qisqa muddatli guruhlarda amalga oshiriladi.
Maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim xizmatlarini ko‘rsatuvchi nodavlat ta’lim tashkilotlariga bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarini tashkil etishga ruxsat beriladi.
2027/2028 o‘quv yilidan boshlab:
maktabga tayyorlov guruhlarida ta’lim jarayonlari oliy ma’lumotli pedagoglar, shuningdek, oliy ta’lim tashkilotlarining bitiruvchi bosqich talabalari tomonidan olib boriladi;
maktabga tayyorlov guruhlarida ta’lim-tarbiya olgan bolalarga bir yillik maktabga tayyorlovdan o‘tganlik to‘g‘risida davlat namunasidagi elektron sertifikat beriladi hamda ushbu ma’lumotlar umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi shahodatnomada qayd etiladi.
2027/2028 o‘quv yiliga qadar bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarining ta’lim dasturi majburiy umumiy o‘rta ta’limning dastlabki bosqichi sifatida kiritilishini inobatga olgan holda uning qayta ko‘rib chiqilishi ta’minlanadi.
O‘zA