English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maktabgacha ta’lim tizimidagi islohotlar samara bermoqda
15:06 / 2025-12-09

Yakunlanayotgan joriy yilda Buxoro viloyatida maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish bo‘yicha izchil va samarali ishlar amalga oshirildi. Natijada sohaga oid ko‘rsatkichlar sezilarli darajada oshdi.

Ayni paytda viloyatda 2 212 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat olib borayotgan bo‘lib, ularga 148 778 nafar 3-7 yoshli bolalar qamrab olingan. Bu maktabgacha ta’lim yoshida bo‘lgan bolalarning 91,5 foizini tashkil etadi.

– Joriy yilda bolalar uchun 9950 ta qo‘shimcha maktabgacha ta’lim o‘rni yaratildi. Xususan, viloyat bo‘yicha 21 ta yangi maktabgacha ta’lim tashkiloti ishga tushirildi va 3025 nafar bola qamrab olindi. Jumladan, G‘ijduvon, Romitan va Buxoro tumanlari hamda Kogon shahrida 1 ta, Vobkent tumanida 5 ta, Olot, Kogon va Jondor tumanida 3 ta, Peshku tumanida esa 2 ta, yangi maktabgacha ta’lim tashkiloti ishga tushdi, – deydi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Murodillo Farmonov. 

Shuningdek, rekonstruksiya hisobidan 1 590 ta o‘rin yaratildi. Chekka hududlardagi umumta’lim maktablari binolarida tashkil etilgan qo‘shimcha guruhlar orqali 170 nafar bola qamrab olindi. 46 ta yangi nodavlat MTT faoliyati yo‘lga qo‘yilib, 4 665 nafar bola uchun qo‘shimcha o‘rin yaratildi. 5 ta maktabning bo‘sh hududlari ta’mirlanib, qayta jihozlandi va 500 ta yangi o‘rin yaratildi. 147 ta maktabda 269 ta bir yillik maktabga tayyorlov guruhlari tashkil etilib, 8 346 nafar 6 yoshli bola ta’limga jalb etildi.

Shuningdek, 2025 yilda G‘ijduvon, Vobkent va Jondor tumanlarida zamonaviy Ilk rivojlanish markazlari tashkil qilindi. Bugungi kunda ushbu markazlarda 484 nafar tarbiyalanuvchi ta’lim olib, ularning 322 nafari kam ta’minlangan oilalar farzandlaridir.

Bundan tashqari, Qorako‘l, Olot, Jondor, Peshku, Kogon, Buxoro va G‘ijduvon tumanlarida faoliyat yuritayotgan “Aqlvoy” mobil guruhlari tomonidan 580 nafar bola qamrab olingan.

Viloyatda maktabgacha ta’limni rivojlantirish borasidagi tizimli islohotlar o‘zining amaliy samaralarini bermoqda. Qamrovning yildan yilga ortishi bolalarni erta yoshdan sifatli ta’lim va tarbiyaga jalb etish yo‘lida olib borilayotgan izchil ishlarning yaqqol natijasidir.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.