French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maktabgacha ta’lim tashkilotlari rahbar va xodimlari uchun o‘quv-seminar
13:53 / 2025-04-07

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligida maktabgacha ta’lim tashkilotlari rahbar va xodimlar huquqiy savodxonligini oshirish, soha faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, davlat va jamoatchilik nazoratini o‘rnatishga qaratilgan o‘quv-seminari tashkil etildi.

Videokonferensiya shaklida bo‘lib o‘tgan tadbirda Respublika Bosh prokuraturasi, vazirlik hamda uning hududiy bo‘linmalari mas’ul xodimlari ishtirok etdi.

Seminar doirasida Hukumatning 2019 yil 25 apreldagi “Maktabgacha hamda umumta’lim tashkilotlari faoliyatini tekshirish ishlarini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyati, undagi huquqiy normalarni amalda qo‘llay olish bo‘yicha mutaxassislar fikr-mulohazalari bildirildi.

Qayd etilganidek, maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tekshirishga, davlat tomonidan nazorat qilishga qonunchilik hujjatlari bilan vakolat berilgan vazirlik va idoralar hamda ularning hududiy bo‘linmalari haqli. Bunda rejali tekshirish ishlari ushbu mas’ul tashkilotlar bilan kelishgan holda tasdiqlangan tekshirishlar reja-jadvaliga asosan o‘tkaziladi. Ushbu qarorga asosan, mazkur vakolatli organlar maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini tekshirish jarayonida ushbu huquqni beruvchi zarur hujjatlarni taqdim etishi, bog‘chalardagi ta’lim-tarbiya jarayonlariga xalaqit bermasliklari shart.

Yig‘ilishda maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatida korrupsion holatlarning oldini olish, ochiqlik va shaffoflikni to‘g‘ri ta’minlash bo‘yicha mutaxassislarning tavsiyalari eshitildi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA