XX asrning oxiriga qadar mamlakatimizning ijtimoiy, madaniy-ma’rifiy hayotida, asosan, badiiy kitob, gazeta va jurnallarga qiziqish katta bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib bularning o‘rnini tezkor axborot manbai - ijtimoiy tarmoqlar egallay boshladi.
Jahon axborot maydoni kengayib borayotgan bir paytda yoshlarimizning ongini o‘rab-chirmab emas, balki ularning ma’naviy tarbiyasiga alohida urg‘u berib, ro‘y berayotgan voqea va hodisalarga o‘z qobig‘imizga o‘ralmagan holda to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishimiz kerak. Chunki bugungi kunda yurtimizda ochiq va erkin demokratik jamiyat qurish vazifasi yo‘lga qo‘yilgan.
Davlatimiz rahbarining 2023 yil 16-17 noyabr kunlari Surxondaryoga tashrifi chog‘ida “Ma’naviyat sektori” 4 ta sektorga qo‘shimcha sifatida alohida ijro hokimiyatining kollegial organi hamda viloyat, shahar va tumanlar kengashlarining ishchi tuzilmasi sifatida tashkil etilishi, barcha hududlarda faoliyati yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ma’naviy taraqqiyot bo‘lmagan joyda moddiy farovonlik bo‘lmaydi” degan fikri “Ma’naviyat sektori”ning asosiy tamoyili qilib olindi.
Ularga ko‘ra “Ma’naviyat sektori” mahalla, ta’lim muassasalari, korxona va tashkilotlarda sog‘lom va barqaror ijtimoiy-ma’naviy muhitni qaror toptirish hamda ma’naviy muammolar bo‘yicha o‘z vaqtida manzilli choralar ko‘rishga mas’ul jamoatchilik tuzilmasi bo‘lishiga e’tibor qaratildi.
Sektor aholining barcha qatlamlari, ayniqsa yoshlar bilan individual ishlaydi, ularda Vatanga muhabbat, sadoqat hissini tarbiyalaydi, jamiyatda diniy bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik va o‘zaro mehr-oqibat muhitini mustahkamlaydi hamda fuqarolarning mafkuraviy immunitetini oshirishga xizmat qiladi.
Ma’naviyat sektorining asosiy vazifasi shahar va tumanlar, hududlarning ijtimoiy-ma’naviy muhitini ta’minlash ya’ni soddaroq qilib aytganda bir inson oilada tug‘ilib, mahallada ulg‘ayib, ta’lim maskanida ilm oladi. Ma’naviyat sektorining asosiy vazifasi ushbu jarayonda ma’naviy tarbiyaning uzviyligini ta’minlash, shu asosda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini mustahkamlashga qaratilgan. Bu jarayon esa doimiy monitoring tizimi orqali tahlil qilinib, ilmiy asoslanib, amaliy harakatlar bilan boyitib boriladi. Maqsadimiz bugungi tahlikali zamonda mafkuraviy tahdidlarga qarshi kurashish, qat’iy ishlash, samarali natija ko‘rsatishdir.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan olimlar, tadqiqotchilar, ziyolilar, soha mutaxassislari ishtirokida har bir tizimda yangi sektor faliyatini tashkil etish yuzasidan ishchi guruh tuzildi. Markaz tomonidan hududlarda ushbu sektor faoliyatini namunali yo‘lga qo‘yish uchun ularning infratuzilmasi, ijtimoiy-ma’naviy muhiti hisobga olingan alohida namunaviy metodik qo‘llanmalar, tavsiyaviy yo‘riqnomalar yaratildi. Maktabgacha ta’lim tashkilotlarining hozirgi kundagi holati va jihozlanishi, kirib kelish yo‘lagidan tortib ma’naviyat burchaklari hamda xonalarning tuzilishi-yu jihozlarigacha o‘rganib chiqildi va tavsiya sifatida yo‘riqnoma ishlab chiqildi. Maktabgacha ta’lim tashkilotining ma’naviy tarbiyadagi faoliyatini takomillashtirish, tarbiyalanuvchilarda mustaqil va baxtli hayot uchun zarur ijtimoiy malaka hamda fazilatlarni yoshiga mos, bosqichma-bosqich shakllantirish, farzand tarbiyasida ma’naviy komillik, vatanparvarlik va milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash maqsad qilib olindi. Ishchi guruh hududlar bo‘ylab tahliliy-tanqidiy o‘rganishlar olib bordi. Bunda har bir hududning o‘ziga xos qadriyatlari va ma’naviy mezonlarini hisobga olgan holda o‘ziga xos xaritani ishlab chiqish maqsadida sohada mavjud muammo va kamchiliklarni tizimli o‘rganish, aholi orasida birdamlik va daxldorlik tuyg‘ularini qaror toptirishga qaratilgan amaliy ishlarni yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan alohida reja-jadval asosida o‘rganishlar boshlandi. Jumladan, Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida Davlat standarti talablariga rioya etish holati bo‘yicha maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanuvchilar, o‘quvchi-yoshlar, talaba va professor-o‘qituvchilar bilan tashkil etilayotgan ma’naviy va ma’rifiy ishlar hamda vatanparvarlik tarbiyasi tadbirlarining ta’sirchanligi hamda shu yo‘nalishda erishilayotgan natijalar samaradorligi tahlil qilindi. Aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha hududiy ma’naviyat va ma’rifat kengashlarida tanqidiy-tahliliy muhokamalar tashkil etildi hamda markaz tomonidan uslubiy-amaliy yordam ko‘rsatilib, kelgusidagi chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.
O‘rganishlar bo‘yicha olingan xulosalarga tayanib, Ishchi guruh a’zolari bilan birgalikda ta’lim muassasalarining o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olib, yagona yondashuvni o‘z ichiga olgan “Ta’limning barcha bosqichlarida (maktabgacha va maktab ta’limi, o‘rta maxsus, professional va oliy ta’lim) tarbiyalanuvchi, o‘quvchi va talaba-yoshlarni ma’naviy-ma’rifiy va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash Konsepsiyasi ishlab chiqildi.
O‘g‘il-qizlarni milliy vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning individual va differensial texnologiyalar integratsiyasi asosida uzluksiz 15 yillik (3 yoshdan 18 yoshgacha) “Yangi O‘zbekiston farzandi” milliy vatanparvarlik modeli (kompetensiyasi) ishlab chiqildi.
Surxondaryo viloyatida “Ma’naviyat sektori” faoliyati sinov-tajriba sifatida yo‘lga qo‘yildi. Viloyatdagi mavjud 965 ta umumta’lim maktabi, 454 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 7 ta oliy ta’lim, 54 ta professional ta’lim muassasasi, 360 ta tashkilot va korxonalar hamda 724 ta mahallada “Ma’naviyatsektori”ning quyi bo‘g‘inlari tashkil qilinyapti.
Termiz shahridagi 31-son maktabgacha ta’lim tashkiloti “Ma’naviy sektori”ning quyi bo‘g‘inlari faoliyati namunali yo‘lga qo‘yilib, barcha tuman (shahar)larga ushbu tajriba ommalashtirildi.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida “Ma’naviyat burchaklari”ni tashkil etish hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlari hovlisi, foyesi, binolari va guruhlarini jihozlashda yordam berish maqsadida taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi va boshqa hududlardagi Maktabgacha ta’lim tashkilotlariga taqdim etildi.
Muhaddislar sultoni, alloma bobomiz Imom Buxoriyning ushbu hikmatlarini farzand tarbiyasiga qo‘llasak, “Tarbiyada ilmsiz najot yo‘q va bo‘lmag‘ay”, degan mazmun paydo bo‘ladi. Demak, bugun oilalarda katta bo‘layotgan, bog‘chalarga qatnayotgan bolajonlarimizning baxtiyor bo‘lishlari ota-ona, murabbiylar berayotgan tarbiyaga bog‘liq. Berilayotgan tarbiya esa ularning tarbiya ilmi – pedagogikadan xabardorlik darajalariga bog‘liq.
Maftuna Meliyeva,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi
Ta’lim muassasalari bilan ishlash va vatanparvarlik bo‘limi
birinchi toifali mutaxassisi,
O‘zA