Buxoro viloyati Jondor tumanidagi “Xumdonak” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan Burjoq qishlog‘ida yangidan barpo etilgan zamonaviy 9-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti binosining foydalanishga topshirilishi bu yerlik aholi uchun chinakam bayramga aylandi. Chunki ular ko‘pdan beri o‘z hududlarida ana shunday zamonaviy bog‘cha qurilishini orziqib kutishgan edi.
Investitsiya dasturi doirasida 4 milliard 140 million so‘m mablag‘ hisobiga barpo etilgan 120 o‘rinli ushbu ta’lim muassasasida tarbiyalanuvchilar uchun barcha shart-sharoitlar va qulayliklar yaratilgan.

Tantanali ochilish marosimida Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Hamza Elliyev, tuman hokimligi mutasaddilari, ommaviy axborot vositalari vakillari va mahalla ahli ishtirok etdi.
Tumandagi “Yosh kuch” mahalla fuqarolari hududida joylashgan 42-umumta’lim maktabining bo‘sh turgan qismida tashkil etilgan 12-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti filialining foydalanishga topshirilishi ham katta tantanaga aylandi.

Homiylik va mahalliy byudjet mablag‘lari hisobiga zamonaviy ko‘rinish va qulay shart-sharoitlarga ega bo‘lgan ushbu maskanda 90 nafar bolajonlarni qamrab olish imkoniyati mavjud.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.