bugungi kunda yurtimiz o‘ziga xos rivojlanish, yangilanish, yuksalish davriga o‘tdi. Bu yuksalishning zamirida inson va uning baxt saodati, qadriyatlar ustunligi hamda aholi farovon yashashi uchun barcha imkoniyatlarni yaratish, xususan, yosh avlodning porloq kelajagini ta’minlash masalasi turadi.
Yosh avlod baxtli kelajakka yuz tutishida keng dunyoqarash va yuksak ma’naviyatga ega bo‘lishi lozim. Xuddi shu masala maktabgacha ta’lim va tarbiya sohasida qabul qilinayotgan barcha qonun, farmon, farmoyishlarda o‘z aksini topmoqda.
Jumladan, 2019 yil 16 dekabrda O‘zbekiston Respublikasining “Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida”gi qonuni va 2020 yil 22 dekabrda ilk bor “Maktabgacha ta’lim va tarbiyaning davlat ta’lim standarti”ning qabul qilinishi misolida ko‘rishimiz mumkin. Maktabgacha ta’lim tizimidagi o‘zgarishlar, farmon va qarorlarda belgilangan vazifalar ijrosi Qashqadaryo vohasida ham tizimli ravishda amalga oshirib kelinmoqda. Tahlillarga ko‘ra, 2018 yilda vohada atigi 326 ta davlat MTTlari faoliyat yuritgan bo‘lsa, 2022 yilga kelib davlat MTTlarning soni 415 taga, xususiy MTTlar 26 taga, davlat xususiy sherikchiligidagi MTTlar 121 taga, oilaviy nodavlat MTTlar soni 2183 taga yetdi. Bolalar qamrovi esa, 2018 yilda 32059 nafarni tashkil etgan bo‘lsa (13 foiz), 2022 yanvar holati bo‘yicha bu ko‘rsatkich 152 537 nafarga yetdi (51,5 foiz).
Qarshi davlat universitetida maktabgacha ta’lim sohasi bo‘yicha kadrlar tayyorlashning sifat darajasini oshirish, oliy malakali mutaxassislar tayyorlash uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, o‘quv-tarbiya jarayoniga xalqaro ta’lim standartlariga asoslangan ilg‘or pedagogik texnologiyalar va o‘quv-uslubiy materiallarini keng joriy qilish kabi dolzarb muammolarni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda. Keyingi yillarda universitet vohada maktabgacha ta’lim sohasi bo‘yicha xorijiy tajribalarni amaliyotga joriy qilish va bo‘lajak pedagog kadrlar kompetentligini yuksaltirish maqsadida Janubiy Koreyaning KOICA tashkiloti va Rossiyaning bir qancha oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatdi.
Hamkorlik aloqalari natijasida Qarshi davlat universitetida “Montissori metodikasi” xonasi tashkil etildi va mazkur xona KOICA tashkiloti tomonidan 33 ming AQSH dollari miqdoridagi bolalar o‘yinchoqlari, didaktik materiallar, multimediya vositalari bilan jihozlandi. Unda Janubiy Koreya va Rossiya Federatsiyasining Belgorod davlat milliy-tadqiqot universiteti ilmiy darajali professor-o‘qituvchilari maktabgacha ta’lim yo‘nalishi talabalariga sohaga oid xorijiy tajribalarni o‘rgatib kelmoqda.
Ushbu tajribalarni viloyatda yanada kengroq ommalashtirish va maktabgacha ta’lim sohasida faoliyat olib borayotgan pedagog-kadrlarga zamonaviy bilimlar berish, tizimdagi yangiliklar bilan tanishtirish maqsadida Qarshi davlat universiteti viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi bilan hamkorlikda qisqa muddatli malaka oshirish o‘quv kurslarini yo‘lga qo‘ydi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatdagi mavjud MTTlarda 11408 pedagog-kadr faoliyat olib bormoqda. Ularning 6110 nafari davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritsa, 5298 nafari nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida faoliyat olib bormoqda.
Ko‘p yillardan buyon Qarshi davlat universitetining Maktabgacha ta’lim kafedrasi viloyat maktabgacha ta’lim sohasiga oliy ma’lumotli pedagog-kadrlar yetishtirishda yetakchi o‘rinda turadi. 2020-2021 o‘quv yilida mazkur yo‘nalishni (kunduzgi, sirqi va maxsus sirtqi) 308 nafar talaba tamomladi va ushbu sohada o‘z mehnat faoliyatini amalga oshirmoqda. Bu ko‘rsatkich 2019 yilgacha bo‘lgan bitiruvchi kurs talabalari soniga nisbatan olganda 77 foizga oshganligini ko‘rsatadi.
Meliqulova Barno Usmonovna, [24.01.2022 15:42]
– Ma’lumotim o‘rta maxsus? MTTda tarbiyachi bo‘lib ishlayman, – deydi Qarshi shahrilik Shahnoza Sunatullayeva. – Universitet qoshida tashkil etilgan o‘quv kursidan juda mamnun bo‘ldim. Negaki, shu kunga qadar maktabgacha ta’lim sohasi bo‘yicha zamonaviy bilimlarim yetarli bo‘lmaganligi sababli faoliyatim jarayonida ko‘plab qiyinchiliklarga duch kelardim. Ayniqsa, sohada xorijiy tajribalardan foydalanish kerakligini yana bir bor his qildim va bu borada amaliy tajribaga ega bo‘ldim. O‘quv kursida olgan bilimlarimni kasbdoshlarim ham eggallashi kerak, deb hisoblayman. Muhimi, men o‘quv kursida o‘qish jarayonida oliy ma’lumotga ega bo‘lishim kerakligini chuqur angladim.
– Nodavlat MTTlarda maktabgacha ta’lim bo‘yicha mutaxassislar yetishmaydi yoki faoliyat olib borayotgan mutaxassislarning bilimlari, pedagogik mahorati zamon talablariga javob bermaydi, – deydi chiroqchilik tarbiyachi Marxabo Axmedova. – Vaholanki, bugungi davr bolalari zukko va mustaqil fikrlaydigan bolalar. Ular mashg‘ulotlar jarayonida bizga juda ko‘p savollar beradi, ba’zan ularning savollariga javob berishda qiynalib qolamiz, tajriba va malakamiz yetishmaydi. Ushbu o‘quv kursida olgan ma’lumotlarim men tarbiyalayotgan bolalar uchun juda kerakli albatta, ayniqsa, amaliy tajribalar, tasviriy faoliyat, savod o‘rgatish mashg‘ulotlari jarayonida egallagan bilimlarim meni o‘z kasbimga nisbatan qiziqishimni yanada oshirdi.
– Qarshi davlat universitetida tashkil etilgan o‘quv kursini viloyatimizda yanada kengroq ommalashtirish zarur, – deydi muboraklik tarbiyachi Aleksandra Nuriyeva. – Negaki, ayrim nodavlat MTT rahbar va pedagog-xodimlari soha mutaxassislari emas. O‘quv kursida bizga aynan sohamizga tegishli yangidan yangi bilimlar, pedagogik mahorat, maktabgacha ta’limning me’yoriy asoslari haqida tizimli bilimlar berildi. Shuningdek, menga Montissori metodikasi moduli bo‘yicha o‘tilgan mashg‘ulotlar manzur bo‘ldi va faoliyatim jarayonida mazkur metodikadan foydalanishni rejalashtirdim.
Yuqoridagi fikrlarga ko‘ra, universitet tomonidan tashkil etilgan o‘quv kurslari shu sohada mehnat qilayotgan pedagog va rahbar xodimlar faoliyati uchun o‘ta dolzarb. Shu bilan birga, vohamizdagi bu kabi ishlarning amalga oshirilishi kelajakda uning taraqqiyotiga xizmat qiladigan intellektual salohiyatli, tashabbuskor, shijoatli, vatanparvar, jismoniy sog‘lom avlodni yetishtirishga xizmat qiladi. Zero, yuksak fazilatlarga ega avlodni tarbiyalashdan jamiyatimiz, davlatimiz va albatta vohamiz birdek manfaatdordir. Qarshi davlat universiteti esa bu borada to‘plagan amaliy tajribalarini davom ettirishni va soha mutaxassislarini o‘quv-metodik bilimlar, zamonaviy yangiliklar bilan qurollantirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi.
N.Oripova,
Qarshi davlat universiteti kafedra mudiri.
O‘zA