Poytaxtimizdagi Xalqaro media xollda “Sifatli ta’lim – inson kapitaliga sarmoya” mavzuida tadbir o‘tkazilmoqda.
Unda maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin sohada 2017-2021 yillar davomida erishilgan yutuqlar haqida so‘z yuritib, amalga oshirilayotgan islohotlar, sohaga kiritilgan innovatsion pedagogik texnologiyalar, qamrovni oshirish yuzasidan olib borilayotgan samarali ishlarning natijalari, nodavlat sektorining ulushi, bir yillik majburiy maktabgacha tayyorlovning maqsadi va natijadorligi hamda hamkorlik doirasida olib borilayotgan islohotlar yuzasidan ma’lumot berdi.

Ta’kidlanishicha, yurtimizda 34,5 million aholi istiqomat qilib, shundan 2,8 millionini 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar tashkil qiladi. Bunda aholining yillik o‘sishi 800 ming bolaga to‘g‘ri kelmoqda. bugungi kunda 3-7 yoshli bolalarning 64,9 foizi maktabgacha ta’lim bilan qamrab olingan. Joriy yil 3 chorak yakuniga ko‘ra, 24ming 922 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat ko‘rsamoqda.
«O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi Prezident qaroriga muvofiq, 2030 yilga kelib maktabgacha ta’limga bolalarning 80,8 foizini qamrab olish rejalashtirilgan.

– Soha rivoji yo‘lida ajratilgan davlat budjeti xarajatlari yildan-yilga o‘sib borganligini ko‘rish mumkin, – dedi A.Shin. – Yalpi ichki mahsulotga nisbatan ta’lim xarajatlari ulushidagi davlat byudjeti harajatlari 2017 yil 15,5 foizga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2021 yilga kelib 21,8 foizga ortdi. Investitsiya davlat dasturiga ko‘ra 2017 yilda respublika bo‘yicha jami 265,2 milliard so‘mlik loyiha asosida 303 ta maktabgacha ta’lim ob’ektlari qurib, foydalanishga tayyor holda topshirilgan. 2018-2021 yillarda Davlat dasturi doirasida jami 1ming 447 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlarida qurilish va rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirilib jami 4 trillion 690 milliard so‘mlik kapital qo‘yilmalar o‘zlashtirildi.
Mohigul Qosimova, O‘zA