Mamlakatimizda izchillik bilan amalga oshirilayotgan tub islohotlar samarasida keyingi 3-4 yil ichida 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalarni maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olish darajasi keskin ortdi.
Xo‘sh, bu borada Sirdaryo viloyatida qanday ishlar amalga oshirildi? O‘zA muxbiri Sirdaryo viloyati maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Davron DO‘STOV bilan suhbatlashdi.
– Bolalarni maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olish darajasini oshirish borasida viloyatda qanday ishlar amalga oshirildi?
– 2017-2020 yillar va 2021 yilning o‘tgan davrida, davlat dasturi asosida yangi qurilish va rekonstruksiya qilish, maktabgacha ta’lim tashkilotlari filiallariga alohida yuridik maqom berilishi, nodavlat – davlat-xususiy sheriklik asosidagi va oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlarining tashkil etilishi hisobidan maktabgacha ta’lim tashkilotlarida qamrov ko‘rsatkichlarida sezilarli darajada o‘sishlar bo‘ldi, – deydi Davron Do‘stov. – Xususan, 2017 yilning dekabr holatiga ko‘ra, viloyatda jami 155 ta maktabgacha ta’lim tashkilotiga 19 ming 958 nafar bolalar qamrab olinib, qamrov foizi 20,9 foizni tashkil qilgan edi. Joriy yilning 1 may holatiga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 70,4 foizni tashkil etib, viloyat hududidagi istiqomat qilayotgan 67 ming 623 nafar 3 yoshdan 7 yoshgacha bolalarning 47 ming 636 nafari 564 ta maktabgacha ta’lim tashkilotiga qamrab olindi.
– Qamrov darajasi keskin oshganligiga qaraganda, yangidan barpo etilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlarining soni ham ortgan. Xo‘sh, ularning xizmat ko‘rsatish sifati ham shu darajada ortdimi?
– O‘tkazilgan tahlillar, viloyatdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni bundan 4 yil avvalgi 155 tadan 409 ta qo‘shilib 564 tani, bolalar soni o‘shandagi 19 ming 958 nafarga 27 ming 678 nafar qo‘shilib 47 ming 636 nafarga yetganligini, bolalarni maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olish ko‘rsatkichi 49,5 foizga ortganligini ko‘rsatayotir.
Boshqarma va uning tuman bo‘limlari tomonidan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari ham xususiy sektorlarga qarashli MTTlarda bolajonlarimizga ta’lim-tarbiya berish jarayoni, ularga yaratilgan sharoitlar va oziq-ovqat ta’minoti oyma-oy, muntazam ravishda monitoring qilinib, bu boradagi ishlar mutaxassislarimiz tomonidan tahlil qilib boriladi. Biror xato va kamchiliklar yuzaga kelgan taqdirda zudlik bilan zarur chora-tadbirlar belgilanib amalga oshiriladi.
Lekin bugungi kunda viloyatdagi barcha MTTlar zamon talablariga to‘liq javob beradi.
– Bolalarning bog‘chalarga qamrab olinishidagi o‘sishda xususiy sektorning ulushi qay darajada?
– Prezidentimizning tashabbusi bilan hukumat va mahalliy hokimliklarning ham ta’lim tizimidagi tadbirkorlik va xususiy sektorga bo‘lgan e’tibori tubdan o‘zgardi. Bu esa MTTda xususiy sektorlarning ulushini sezilarli darajada ortishi va bolalarimizni MTTlarga qamrovining kengayishini ta’minladi.
Jumladan, 2017 yil yakunida viloyat bo‘yicha davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining soni 153 tani, nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni esa atigi 2 tani tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari 41 taga ko‘payib 194 tani, nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni esa 369 taga ortib, 371 tani tashkil etmoqda.
– Yangi-yangi maktabgacha ta’lim tashkilotlarining qurilib foydalanishga topshirilishi yaxshi albatta, ularning quvvat darajasi yetarlimi? Bundan tashqari, bolalarni maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olish darajasi viloyatda qachon to‘liq ko‘rsatkichga chiqadi?
– Yangidan barpo etilayotgan MTTlarning quvvat darajasiga alohida e’tibor qaratilmoqda, albatta. 2017-2020 yillarda jami 93 ta 12 ming 730 o‘rin quvvatli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida investitsiya va mahalliy davlat dasturlari doirasida hamda homiylar mablag‘lari hisobidan 1 ming 355 o‘rin quvvatga ega 9 ta yangi qurilish, 7 ming 435 o‘rin quvvatga ega 54 ta rekonstruksiya, 3 ming 900 o‘rin quvvatga ega bo‘lgan 30 ta mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.
Jami, 371 ta nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tahlil qilinadigan bo‘lsa, ularning 2 tasi xususiy, 29 tasi davlat-xususiy sheriklik asosidagi, 340 tasi oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlari ulushiga to‘g‘ri keladi.
Viloyatimiz bo‘yicha maktab yoshigacha bo‘lgan bolalarimizni maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olish ko‘rsatkichini esa 2025 yilga borib yuz foizga yetkazish borasida barcha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirayapmiz.
O‘zA muxbiri Abdujalol
Qayumov suhbatlashdi.