Samarqand viloyatidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 3 ming 600 tadan oshdi. Ushbu muassasalarda 242 ming nafardan ziyod bolalar tarbiyalanmoqda. Bu viloyatdagi maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalarning 69,7 foizini tashkil etadi. Agar 2017 yilda viloyatda 564 ta bog‘cha faoliyat ko‘rsatib, ularda 63 ming nafardan ortiq bolalar tarbiyalangani va qamrov 21 foizni tashkil etganini hisobga olsak, bu albatta, yaxshi natija.
Yurtimizda maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirishga qaratilgan e’tiborning amaldagi samarasi bu. Lekin bu marra emas. Yaqin besh yilda yurtimizda bolalarning maktabgacha ta’limga qamrovini 80 foizga yetkazish belgilandi. Buning uchun yangi muassasalar qurish va mavjudlarini kengaytirish, shu bilan birga ulardagi ta’lim-tarbiya sifatini xalqaro talablar darajasiga keltirish talab etiladi.
– Davlatimiz rahbari 2022 yil 20 dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga murojaatida bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi Toshkent shahrida o‘tkazilgan YUNESKOning Maktabgacha ta’lim bo‘yicha umumjahon anjumanida yuksak e’tirof etilganini alohida ta’kidladi, – deydi Samarqand viloyati maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Zayniddin Jo‘rayev. – Shuningdek, bu boradagi ishlarni izchil davom ettirish orqali bog‘chalar sonini ko‘paytirish, ulardagi ta’lim va tarbiya sifatini tubdan yaxshilash bo‘yicha besh yillik dastur qabul qilinishi aytildi. Albatta, ta’lim va tarbiya tizimining boshlang‘ich bo‘g‘ini bu – maktabgacha ta’lim hisoblanadi. Shuning uchun mamlakatimizda mazkur bo‘g‘inga alohida e’tibor qaratilmoqda. Viloyatimizdagi bog‘chalar soni tahlil qilinganda 2017 yilga nisbatan davlat bog‘chalari 179 taga, xususiy bog‘chalar 60 taga, davlat-xususiy sherikchilik asosidagi bog‘chalar 127 taga hamda oilaviy nodavlat bog‘chalar 2703 taga ko‘paygani ma’lum bo‘ldi. Sohada nodavlat sektorning ulushi 2017 yilda 1 foiz bo‘lgani holda bugunga kelib 40,3 foizga yetdi. Mazkur maktabgacha ta’lim tashkilotlarining tashkil etilishi tarbiyalanuvchilar sonini oshirgani tabiiy.
Yana bir e’tiborli jihati sohada 4290 nafar ishsiz fuqaro bandligi ta’minlanganidir. 2022 yilda viloyatda 435 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil etilib, qo‘shimcha 47 ming nafar bola maktabgacha ta’lim bilan qamrab olindi. Shuningdek, 274 ta bir yillik bepul majburiy maktabga tayyorlov guruhlari tashkil etilib, 8400 nafar bola qabul qilindi. Natijada 6 yoshli bolalar qamrovi 91 foizga yetkazildi. Shuningdek, viloyatning olis va chekka hududlarida 20 ta, jumladan, Qo‘shrabot tumanida 8 ta, Urgut va Nurobodda 6 tadan zamonaviy davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tashkil etildi. Investitsiya dasturiga ko‘ra, 920 o‘rinli 20 ta bog‘cha rekonstruksiya qilindi. “Obod qishloq” dasturi bo‘yicha 810 o‘rinli 15 ta maktabgacha ta’lim tashkilotining yangi binolari foydalanishga topshirildi.
– bugungi kunda bog‘chaga bolalarni kun davomida olib o‘tiradigan maskan sifatida qaralmayapti, balki bolaga ilk ta’lim beriladigan, madaniyat, odob-axloq o‘rgatiladigan muassasa deb qaralyapti – deydi Z.Jo‘rayev. – Hozir xorijiy tillar o‘rgatilmaydigan, sport to‘garaklari bo‘lmagan maktabgacha ta’lim tashkilotlari bo‘lmasa kerak. Ota-onalar farzandi uchun bog‘cha tanlayotganda shu jihatlarga e’tibor qaratmoqda. Shundan kelib chiqib, ayni paytda viloyatdagi har bir muassasada “Qurish-yasash, konstruksiyalash va matematika”, “Syujetli rolli o‘yinlar va sahnalashtirish”, “San’at”, “Til va nutq”, “Ilm-fan va tabiat” markazlari tashkil etilgan va didaktik, tarqatma materiallar bilan jihozlangan. Sohada ta’lim-tarbiya sifatini oshirish maqsadida 2022 yilda davlat byudjeti hisobidan bog‘chalar 4 milliard so‘mlik 22 turdagi didaktik materiallar, o‘quv-metodik qo‘llanmalar, o‘yinchoqlar va har xil turdagi sport inventarlari bilan ta’minlandi.
Ta’lim-tarbiya sifatini oshirish maqsadida tajribali, ijodkor va fidoyi pedagoglar tarkibi shakllantirilib, 2021 yilda viloyat “Mahorat maktabi” tashkil etildi. Hozirda mazkur maktabning ekspert guruhlari tomonidan bog‘chalarda me’yoriy hujjatlarning yuritilishi, tajribali pedagoglarni “Ustoz-shogird” an’anasiga ko‘ra biriktirish, bolajonlarga ta’lim-tarbiya berishda yangicha yondashuv asosida mashg‘ulotlar o‘tkazilishi bo‘yicha telegram messenjerining rasmiy kanali orqali kunlik yangiliklar va metodlar bilan tanishtirilmoqda. Bu yil maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktorlarining mas’uliyatini oshirishga alohida e’tibor qaratyapmiz. Yil davomida direktorlar o‘zaro kasbiy tajriba almashadi. Ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan viloyatning boshqa hududlarida joylashgan bog‘chalarda ko‘rgazmali ochiq mashg‘ulot, o‘quv-amaliy seminar hamda “Rivojlantiruvchi markazlarni tashkil etish tartibi” mavzusida taqdimot o‘tkazish rejalashtirildi. Bundan tashqari, joriy yilda O‘zbekiston-Finlyandiya pedagogika instituti bilan hamkorlikda maktabgacha ta’lim yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalarning egallagan bilimlarini amaliyotda qo‘llashi va ularni viloyatdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlariga ishga joylashtirish va bu orqali oliy ma’lumotli pedagoglarning ulushini yil yakuniga qadar 27,6 foizdan 38 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
Joriy yilda ota-onalarni ta’lim-tarbiya jarayoniga jalb qilish, bog‘cha va maktab o‘rtasida uzluksizlikni ta’minlash, tashabbuskor tadbirkorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash orqali ularga keng imkoniyat yaratish, nodavlat, davlat-xususiy sherikchilik tarmog‘ini kengaytirish orqali viloyatda bog‘cha yoshidagi bolalar qamrovini oshirishni maqsad qilganmiz.
G‘.HASANOV,
O‘zA