Maktabgacha ta’lim bolalarning har tomonlama rivojlanishi uchun asos yaratishda asosiy rol o‘ynaydi. Ularning kelajakda muvaffaqiyatli ta’lim olishi va ijtimoiy muhitga moslashishi poydevori hisoblanadi.
Ilgari maktabgacha ta’lim tizimida bir qator muammolar bo‘lgan. Jumladan, maktabgacha ta’lim muassasalarining yetishmasligi eng katta masala bo‘lib kelgan. Natijada ko‘plab bolalar bog‘chaga bormagan, bu muammo ayniqsa chekka xududlarda nihoyatda dolzarb bo‘lgan. Bu esa ota-onalarga katta yuk bo‘lib, ular bolalariga g‘amxo‘rlik qilishning muqobil yechimlarini izlashga majbur bo‘lgan.
Hozirgi sharoitda maktabgacha ta’limda qamrov darajasini saqlab qolish hamda oshirishda davlat-xususiy sheriklik tizimini rivojlantirish lozim. Buning uchun maktab va bog‘chalar hududidagi bo‘sh yer maydonlarini tadbirkorlarga ajratish va u yerda yangi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini yaratish zaruriyati tug‘ilgan. Shuningdek, maktabgacha ta’lim tashkilotlarini salohiyatli pedagoglar bilan ta’minlash bo‘yicha hal etilishi lozim bo‘lgan ishlar mavjud.

Davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan o‘rta maxsus ma’lumotli pedagog kadrlar uchun dual ta’limning (5+1) shakli tashkil etiladi.
Xususan, nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagog xodimlarining malakasini oshirish tizimi joriy etiladi. Bunda davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagoglarining malaka oshirish tartibi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari uchun ham tatbiq etiladi. 2026-2028 yillarda respublikaning 14 ta hududida Bolalarni rivojlantirish innovatsion markazini o‘z ichiga olgan “Yangi avlod” maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘i tashkil etiladi.
Maktabgacha ta’lim qamrovini oshirish maqsadida har yili 20 ming o‘rindan kam bo‘lmagan qo‘shimcha quvvat yaratish nazarda tutilmoqda. Hudud va massivlarda qurilayotgan yangi ko‘p qavatli binolar qurilishida kelgusida yashovchi oilalar farzandlari uchun ularga mutanosib ravishda maktabgacha ta’lim tashkilotlari qurilishi ta’minlanadi.
Maktabgacha ta’lim qamrovi 80 foizdan past bo‘lgan tuman (shahar)lardagi (Toshkent shahri bundan mustasno) tadbirkorlik sub’ektlariga qator yengilliklar beriladi. Xususan, maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining bo‘sh yer maydonlarida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil qilishga ruxsat beriladi. Ushbu islohotlar maktabgacha ta’lim qamrovini sezilarli darajada oshirish, xususiy sektorning faolligini kuchaytirish va pedagoglar malakasini yuksaltirishga olib keladi.
Natijada, bolalarning rivojlanishi uchun innovatsion markazlar va zamonaviy infratuzilma yaratilib, ta’lim sifati oshadi, tadbirkorlik faoliyati rivojlanadi va hududlarda iqtisodiy o‘sish kuchayadi.
Bu o‘z navbatida, bolalarning ta’lim va tarbiyasida tenglikni ta’minlab, mamlakatning umumiy ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga mustahkam poydevor yaratadi, shu bilan birga, pedagoglarning motivatsiyasi va xususiy investitsiyalar hajmini oshiradi.
Dildora DO‘SMATOVA
O‘zA