Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maktabgacha ta’lim: Navoiy viloyatidagi ba’zi tumanlarda qamrov pastligicha qolmoqda
09:56 / 2022-07-20

Yurtimizda bola tarbiyasi, ularga bilim berish masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan.

Navoiy viloyatida ham ta’lim-tarbiyaning poydevori hisoblangan maktabgacha ta’lim muassasalarini zamon talablariga mos rivojlantirib borishga alohida e’tibor qaratilgan. Hozirda viloyatda maktabgacha yoshdagi bolalar 80 ming 671 nafar bo‘lib, ularning 65 ming 247 nafari yoki 80,9 foizi maktabgacha ta’lim bilan qamrab olingan.

Agarda 2017 yilda 132 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti bo‘lgan bo‘lsa, bugunga kelib 1127 taga yetdi. Ularning 210 tasi davlat, 4 tasi xususiy, 73 tasi davlat-xususiy sherikchilik asosida va 840 tasi oilaviy bog‘chalardir. O‘zA muxbiri viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i O‘tkir TILLAEV bilan joriy yil birinchi yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar hamda ikkinchi yarim yilligi uchun asosiy ustuvor vazifalar va tashabbuslar haqida suhbatlashdi.

– Joriy yilning 1-yarim yilligida viloyatda yangidan 2 ta davlat va 3 ta davlat-xususiy sherikchilik asosidagi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil etilib, shu va boshqa quvvatlar hisobiga qo‘shimcha 1987 nafar bola maktabgacha ta’lim bilan qamrab olindi.

Investitsiya dasturida 18,2 milliard so‘mlik 6 ta 750 o‘rinli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida qurilish-ta’mirlash ishlari belgilangan bo‘lib, hozirda ishlar 58 foizga bajarilgan.

Shuningdek, “Obod mahalla” va “Obod qishloq” dasturi doirasida jami 41,6 milliard so‘mlik 14 ta 2630 o‘rinli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Ularning 2 tasi yangidan qurilsa, 8 tasida rekonstruksiya, 4 tasida esa mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi.

bugungi kunda "Ochiq byudjet" Portali orqali tanlovlar e’lon qilinib, yurtdoshlarimiz amalga oshirilayotgan islohotlarga befarq emasliklarini ko‘rsatmoqda. Boshqa yo‘nalishlarda bo‘lgani kabi maktabgacha ta’lim muassasalari qurilishi va ta’mirlanishida bir qator loyihalar aholining tashabbusi bilan g‘olib bo‘ldi. Ayni paytgacha viloyatda 6,5 milliard so‘mga 57 ta davlat MTT va 1 ta Navoiy pedagogika kollejining moddiy-texnika bazasi yanada mustahkamlandi. Hokimliklar tomonidan ajratilgan 5,1 milliard so‘mlik qo‘shimcha mablag‘lar evaziga esa 23 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti qayta ta’mirlandi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, viloyatda imkoniyati cheklangan bolalar uchun ham barcha sharoitlar yaratilmoqda. Jumladan, olis va cho‘l hududlari uchun Zarafshon shahrida “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ tomonidan homiylik asosida qariyb 30 milliard so‘mlik 72 o‘rinli imkoniyati cheklangan bolalar uchun barcha sharoitlarga, xususan, reabilitatsiya markaziga ega bo‘lgan ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkiloti qurilib, vazirlik tasarrufiga o‘tkazib berildi va davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti sifatida faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Ayni paytda 60 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ovqatlantirish autsorsing usulida tashkil etilgan bo‘lsa, 115 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari ijro.gov.uz tizimiga ulandi va 27 tasida tizimga ulash ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, 120 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari e-huquqshunos tizimi ulangan.

Ammo amalga oshirilayotgan ijobiy ishlar bilan bir qatorda kamchilik va muammolar ham mavjud. Jumladan, Tomdi, Karmana va Nurota tumanlarida qamrov darajasi pastligicha qolmoqda. Ularda qamrov darajasi 67,6 - 70,7 foizni tashkil etmoqda. Ayni paytda bog‘chalarning 5 tasi rekonstruksiyaga, 32 tasi mukammal ta’mirga muhtoj. Ta’lim-tarbiya qozoq tilida olib boriladigan 17 ta davlat maktabgacha ta’lim muassasalarida shu tildagi davlat o‘quv dasturi va didaktik materiallar yetarli emas.

Joriy yil yakuniga qadar 3-7 yoshli bolalar qamrovini 86 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Buning uchun viloyatda 88 ta, shundan 8 ta davlat, 2 ta xususiy, 10 ta davlat-xususiy sheriklik asosidagi va 68 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari tashkil etiladi va 3 ming 140 nafar bola qamrab olinadi.

Natijada yangidan tashkil etiladigan maktabgacha ta’lim muassasalarida jami 600 tadan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi.

Hozirda 50 ta davlat maktabgacha ta’lim muassasalarida tarbiyalanuvchilarni “Autsorsing” usulida ovqatlantirishni tashkil etish ishlari olib borilmoqda.

 

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA