Navoiy viloyati maktabgacha ta’lim boshqarmasi tomonidan OAV vakillari uchun Navbahor tumanida “Zamon bilan bo‘ylashayotgan Navbahor tuman maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyati bilan tanishuv” mavzusida press-tur tashkil etildi.
Press-tur doirasida tumandagi 3- va 7-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari, “Navbahor yulduzchalari” davlat xususiy sherikchilik asosida tashkil etilgan bog‘cha va “Yangi avlod bolalari” oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati bilan tanishildi.
– bugungi kunda Navoiy viloyatida ham maktabgacha ta’lim yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar natijasida bolalarni maktabgacha ta’limga qamrab olish sifati va samaradorligi oshib bormoqda, – deydi viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi matbuot xizmati rahbari O‘tkir O‘sarov. – 2017 yilda davlat va nodavlat MTTlari soni bor yo‘g‘i 132 ta bo‘lgan bo‘lsa, bugunga kelib bu ko‘rsatkich 1069 tani tashkil qilmoqda. Qamrov esa 34,1 foizdan 83,1 foizga yetdi.
Viloyatda investitsiya dasturi asosida joriy yilda 7 ta davlat MTTni yangidan qurish va rekonstruksiya qilish uchun 26,8 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. Natijada quvvat 770 ta o‘ringa ko‘paytirildi. Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga bo‘layotgan navbatlarni qisqartirish, mazkur yo‘nalishdagi tadbirkorlarga keng imkoniyatlar yaratish natijasida viloyatda joriy yilning o‘zida 10 ta davlat xususiy sherikligi asosida maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirilib, 1360 nafar bola zamonavniy shart-sharoitlarda ta’lim-tarbiya olish imkoniga ega bo‘ldi. 214 ta oilaviy maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil etilishi evaziga chekka va olis hududlardagi 5350 nafar bog‘cha yoshidagi bolalarni qamrab olishga erishildi.
Ayni paytda bitta guruhda 25 nafar tarbiyalanuvchini o‘z ichiga olgan, uy sharoitida, biroq, belgilangan davlat standartlari asosida ta’lim-tarbiya berish bilan shug‘ullanuvchi oilaviy bog‘chalar faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar soni esa 787 taga yetdi. 12 ta MTT autsorsing korxonalari tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlab kelinmoqda. 2022 yilning 1 yanvaridan boshlab ushbu tizim orqali oziq-ovqat mashulotlari bilan ta’minlanadigan MTT soni 60 taga yetkazilishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 2 dekabrdagi “2021-2023 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida Navoiy viloyatida 10 ta 1260 (quvvat) o‘ringa ega maktabgacha ta’lim tashkilotlarini qayta qurish va rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan bo‘lib, ushbu tadbirlarga 30 milliard 19 million so‘m mablag‘ ajratildi.
Shuningdek, “Obod qishloq” va Obod mahalla” Davlat dasturiga ko‘ra 4 ta 260 quvvat (o‘rin)li maktabgacha ta’lim tashkilotlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari rejalashtirilgan bo‘lib, 5 milliard 584,1 million so‘m mablag‘ ajratilgan. Bundan tashqari, 2022 yil Investitsiya dasturini shakllantirish bo‘yicha viloyatda maktabgacha ta’lim sohasida qamrov darajasini kengaytirish maqsadida tuzilgan ishchi guruh ishtirokida sharoiti og‘ir, xom g‘ishtdan qurilgan va 3-7 yoshli bolalar ko‘p hamda qamrovi past bo‘lgan hududlardagi ob’ektlar tanlab olindi. Buning uchun 2022 yil 7 ta maktabgacha ta’lim tashkilotini rekonstruksiya qilish uchun 29 milliard 250 million so‘m mablag‘ ajratilgan.
Navbahor tumanida ham bu borada keng qamrovli ishlar olib borilmoqda.
– 2017 yilda 3-7 yoshli bolalar soni 6312 nafar bo‘lib, ularning 814 nafari yoki 12,9 foizi maktabgacha ta’lim tashkilotiga qamrab olingan edi, – deydi tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri Sohib Budyonov. – Bugunga kelib esa tumanda 3-7 yoshli bolalar soni 8778 nafarga yetib, ularning 6474 nafari yoki 73,8 foizi bog‘chalarga qamrab olindi. 2017 yilda tumanda bor-yo‘g‘i 9 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti bo‘lgan bo‘lsa, hozirda ularning soni 107 taga yetdi. Xususan, 14 ta davlat, 12 ta davlat xususiy sherikchiligi asosidagi, 81 ta oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilot mavjud.
Joriy yil yakunlari bilan davlat-xususiy sherikchilik asosida 1 ta 100 o‘rinli nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti, 9 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti, investitsiya dasturi asosida 2 ta 4 milliard 350 million so‘mga 150 o‘rinli 15-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti va 120 o‘rinli 3 milliard 480 million so‘mga 16-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti ishga tushurilishi natijasida qamrov darajasi 83 foizga yetkazilishi rejalashtirilgan.
“Navbahor yulduzchalari” davlat xususiy sherikligi asosidagi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti 2020 yil dekabr oyida qurilib, foydalanishga topshirilgan. Umumiy loyiha qiymati 3,8 milliard so‘m bo‘lgan tashkilotning bunyod etilishi uchun davlat tomonidan 2 milliard 850 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘lari ham ajrtilgan.
– 120 o‘ringa mo‘ljallangan maktabgacha ta’lim tashkilotimizda hozirda 20 nafar malakali mutaxassislar tomonidan 5 ta guruhda tarbiyalanuvchilarga mental arifmetika, ingliz tili, shaxmat, badiiy gimnastika kabi to‘garaklarda qshgimcha mashg‘ulotlar o‘tkazib kelinmoqda, – deydi tashkilot rahbari Muhiba Hakimova.
– “Beshrabot”, “Yangihayot”, “Yangi yo‘l” kabi 7 ta mahalladan tashqari, viloyat markazidagi ota-onalar ham farzandlari ta’lim-tarbiyasini tashkilot pedagog-tarbiyachilariga ishonib topshirmoqda. Ular uchun avtobus ham yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, tarbiyalanuvchilarni uyma-uy yurib olib kelishadi. Ta’lim-tarbiya jarayoni rus tilida olib boriladi.
YATT Nargiza Fayziyeva tomonidan esa tumandagi “Paxtakor” mahallasida tashkil etilgan “Yangi avlod bolalari” oilaviy maktabgacha ta’lim tashkiloti 25 o‘ringa mo‘ljallangan. Tadbirkorning o‘ziga tegishli bo‘lgan ancha vaqtlardan buyon bo‘sh, foydalanilmasdan turgan hovlisini oilaviy bog‘chaga aylantirish taklifi bilan tuman maktabgacha ta’lim bo‘limiga qilingan murojaati qisqa fursatlarda ko‘rib chiqilib, bitim imzolandi va faoliyatini boshladi.
Mazkur mahallaning o‘zida 3 ta oilaviy MTT bo‘lib, ularning barchasiga bugungi kunda talab mavjud. Tashkilotda hozirda xorijiy tillar bilan birga, mental arifmetika to‘garagi ham yo‘lga qo‘yilgan.
Press-tur doirasida OAV vakillari maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolajonlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi va o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mas’ul rahbarlardan javoblar oldi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA