English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maktabgacha ta’lim: Namanganda qamrov holati qanday?
11:07 / 2022-08-10

RUKN: Prezident qarorlari – hayotda va nazoratda

Namangan viloyati Adliya boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari, ularning viloyat hududlaridagi ijrosi muntazam ravishda o‘rganilib, tahlil qilib borilmoqda.

Xususan, “Prezident qarorlari – hayotda va nazoratda” tamoyili asosida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2021 yil 10 iyundagi “Qamrov darajasi past bo‘lgan tumanlarda maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorini Kosonsoy tumanidagi ijrosi qanday ta’minlanayotgani o‘rganildi.

E’tirof etish joizki, mamlakatimizda maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini kengaytirish, bolalarning maktabgacha ta’lim bilan qamrab olinishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ushbu tizimning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, aholiga maktabgacha ta’lim xizmatlari ko‘rsatish sifatini yaxshilash, sohada nodavlat sektorning ulushini oshirish bugungi kunning dolzarb masalasi hisoblanadi.

So‘nggi besh yilda maktabgacha ta’lim sohasida 83 ta qator normativ-huquqiy hujjatlar, Prezident farmon va qarorlari qabul qilindi.

Prezidentimizning “Qamrov darajasi past bo‘lgan tumanlarda maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinishi bu sohada faoliyat olib borish istagidagi aholiga tadbirkorlik uchun yanada keng imkoniyatlar yaratib berdi.

Mazkur sohadagi islohotlar izchil davom ettirilib, maktabgacha ta’lim muassasalari tarmog‘ini hozirgi zamon talablari, standartlari asosida rivojlantirish, ularni rekonstruksiya, modernizatsiya qilishga qaratilayotgan e’tibor zamirida ham kelajagimiz egalarining hech kimdan kam bo‘lmay ulg‘ayishlari, buyuk ajdodlarga munosib vorislar sifatida voyaga yetishlarini ta’minlashdek ezgu maqsad mujassam.

Mamlakatimiz rahbarining yuqoridagi qarorida xususiy va oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari, shuningdek, davlat xususiy sherikchilik asosida maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etganlik uchun imtiyozlar; qamrov darajasi past bo‘lgan hududlarda maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini kengaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar, qamrov darajasini oshirish bo‘yicha qator vazifalar belgilangan.

Xo‘sh, bu borada Namangan viloyatida natijalar qanday? Tahlillarga ko‘ra, viloyatda o‘tgan 2021 yil 1 yanvar holatiga jami maktabgacha ta’lim tashkiloti soni 1 ming 618 ta, shundan davlat sektorida 574 ta (573 davlat, 1 ta organga qarashli), nodavlat sektorda 1 ming 44 ta (38 ta davlat-xususiy sherikchilik, 71 ta xususiy, 935 ta oilaviy) bo‘lib, ularga jami 149 ming 983 bola qamrab olingan.

Viloyatda 2022 yil 1 yanvar holatiga esa jami maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 2 ming 565 ta bo‘lib, shundan davlat sektorida 588 ta, 1 ming 977 ta nodavlat sektorda (43 ta davlat-xususiy sherikchilik, 70 ta xususiy, 1 ming 864 ta oilaviy) bo‘lib, ularga hududdagi 3-7 yoshdagi 242 ming 389 bolalardan 177 ming 328 nafari qamrab olingan.

Yil boshidan buyon 947 ta bolalar bog‘chasi tashkil etildi. Ularga qo‘shimcha 27 ming 345 bolalar qamrab olindi. Xususan, ularning 2 ming 278 nafari 14 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga, 1 ming 80 nafari 5 ta davlat-xususiy sherikchilik asosidagi maktabgacha ta’lim tashkilotiga, 29 ming 97 nafari esa 928 ta oilaviy bolalar bog‘chalariga qamrab olingan.

Muhim jihati shundaki, qaror bilan Namangan viloyati bo‘yicha 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi past bo‘lgan Kosonsoy va Chortoq tumanlari alohida tanlab olinib, ushbu hududlarda alohida yondashgan holda ish tashkil etish nazarda tutilgan.

Sohaga e’tibor har qachongidan ham kuchayib, mamlakatimizning olis va chekka hududlarida ham maktabgacha ta’lim tashkilotlarining soni oshib bormoqda. Bunga Kosonsoy tumani ham yaqqol misol bo‘la oladi.

Jahon banki bilan hamkorlikda “Bolalarni erta yoshdan rivojlantirishni takomillashtirish” loyihasi doirasida Kosonsoy tumani pedagogika kolleji bazasidan yuridik shaxs tashkil etmasdan 20 ta rivojlantiruvchi o‘yin guruhini o‘z ichiga oluvchi “Ilk rivojlanish markazi” tajriba sinov tariqasida tashkil etilmoqda.

Markaz uch xil turdagi muqobil modelda maktabgacha ta’lim xizmatlar, ya’ni chekka va olis hududlardagi qamrab olinmagan 6 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalarni o‘rganish amalga oshiriladi. Shuningdek, maktabgacha ta’limga qamrab olinmagan 3-6 yoshli bolalar uchun markazlarning har birida 20 tadan rivojlantiruvchi o‘yin guruhlari tashkil etiladi. Bog‘chaga bormagan, alohida ta’limga ehtiyoji (sog‘lig‘i tufayli imkoniyati cheklangan) bo‘lgan 2-6 yoshli bolalari bor oilalar o‘rganiladi.

Buning natijasida 1 ming 200 nafardan ziyod bola maktabgacha ta’limga qamrab olinadi va 71 ta ish o‘rni yaratiladi. Hozirda mazkur loyihani ishga tushirish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA