Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maktabgacha ta’lim mutaxassislari uchun o‘quv-amaliy seminar o‘tkazildi
17:08 / 2025-09-25

Sirdaryo viloyatining Shirin shahridagi Yoshlar markazida “Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida psixolog, defektolog va logopedlarning me’yoriy hujjatlar bilan ishlashda ustuvor vazifalari” mavzusida o‘quv-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda maktabgacha ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan 190 nafardan ortiq psixolog, logoped va defektologlar ishtirok etdi. Seminarning asosiy maqsadi – maktabgacha ta’lim tashkilotlarida psixologik xizmat sifatini oshirish, nutqida nuqsoni bo‘lgan bolalar bilan logopedik mashg‘ulotlarning samaradorligini ta’minlash hamda mutaxassislarning kasbiy faoliyatini zamonaviy talablar asosida yo‘lga qo‘yishdan iborat bo‘ldi.

Tadbirda sohadagi dolzarb masalalar, me’yoriy-huquqiy hujjatlar bilan ishlashning to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi, kasbiy faoliyatda ustuvor yo‘nalishlarni belgilash kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Seminar doirasida belgilangan asosiy vazifalar haqida Sirdaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi huzuridagi O‘quvchilarni kasbga yo‘naltirish va psixologik xizmat bo‘limi rahbari Gulchiroy Rahmonov shunday dedi:

– Psixolog, logoped va defektologlar uchun belgilangan vazifalar faqatgina hujjatlar bilan ishlash yoki nazoratni kuchaytirish bilan cheklanmaydi. Bu avvalo, bolalarning psixologik farovonligini ta’minlash, ularning individual rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash, ota-onalar bilan samarali muloqot va hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan keng qamrovli amaliyotdir. Zamonaviy ilmiy tadqiqotlar hamda innovatsion metodlarni faoliyatimizga tatbiq etish orqali psixologik xizmat samaradorligini sezilarli darajada oshirishimiz mumkin.

Seminar doirasida yosh va individual psixologik xususiyatlarni aniqlash hamda hisobga olish usullarini joriy etish, stress, konflikt va inqirozli vaziyatlarda samarali psixologik yordam ko‘rsatish strategiyalarini o‘zlashtirish, ota-onalar va jamoa bilan konstruktiv muloqot ko‘nikmalarini rivojlantirish, profilaktika va psixologik yordam tizimini takomillashtirish, jamoada sog‘lom muloqot va hamkorlik madaniyatini shakllantirish kabi ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi.

Gulchiroy Rahmonova ta’kidlaganidek, mazkur vazifalarni amalga oshirish nafaqat psixologik xizmat sifatini oshirish, balki bolalarning ijtimoiy-emotsional rivojlanishi va ular uchun sog‘lom muhit yaratishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri