French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maktabgacha ta’lim muassasasi ish boshladi
15:21 / 2025-10-20

Sirdaryo viloyatining Sardoba tumanidagi Rovot mahallasida yangitdan bunyod etilgan 140 o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasasi ish boshladi. Loyiha “Buyuk kelajak Imkon Fayz” mas’uliyati cheklangan jamiyatining tashabbusi bilan davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirildi.

Bolajonlarning ta’lim olishi, sog‘lom rivojlanishi va har tomonlama kamol topishi uchun zarur bo‘lgan barcha sharoitlar yaratilgan ushbu muassasa zamonaviy arxitektura va qulay muhit bilan ajralib turadi. Yangi bog‘chada ta’lim va tarbiya jarayonlari ilg‘or pedagogik texnologiyalar asosida tashkil etiladi. Tarbiyalanuvchilar uchun yorug‘ va keng o‘quv xonalari, o‘yin va sport maydonchalari, musiqa zali, dam olish burchaklari va bolalar sog‘ligini ta’minlovchi sanitar-gigiyenik xonalar mavjud.

Loyiha qiymati 5 milliard 730 million so‘mni tashkil etadi. Uning amalga oshirilishi natijasida mahallada yangi ish o‘rinlari yaratildi, eng muhimi — 140 nafar bola zamonaviy sharoitda ta’lim-tarbiya olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Yangi bog‘chada ta’lim jarayonlari maktabgacha ta’limning davlat talablari asosida yo‘lga qo‘yiladi. Tarbiyachilar bolalarda ijodkorlik, mustaqil fikrlash, milliy qadriyatlarga hurmat, tabiat va Vatanga mehr tuyg‘ularini shakllantirishga alohida e’tibor qaratadi. Shuningdek, ona tilida so‘zlashish madaniyati va muloqot ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan maxsus dasturlar ham joriy etiladi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri