Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maktabgacha ta’lim muaassalarida konstitutsiyani o‘rganish muhim ahamiyatga ega
10:08 / 2022-06-20

Bizga ma’lumki, Konstitutsiyani o‘rganish jarayonida inson va fuqarolarning huquq va erkinliklari, jamiyat manfaati, davlat, mansabdor shaxslarning jamiyat va fuqarolar oldidagi mas’ulligi, fuqarolarning davlat oldidagi burchlari, jamiyat va shaxs o‘zaro munosabati, davlat hokimiyatining tashkil etilishi, saylov tizimi kabi tushunchalarning mazmun-mohiyati bayon etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini o‘rganishning ta’limiy maqsad va vazifasi – adolatli fuqarolik jamiyatini shakllantirish hamda huquqiy davlat barpo etish, Konstitutsiyaning jamiyatdagi o‘rni va ahamiyati, ma’no-mazmuni hamda mohiyatini o‘rganish, yoshlarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish barcha ta’lim turlarida o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib amalga oshirilmoqda.

Ma’lumki, maktabgacha davr inson shaxsini shakllantirishda eng murakkab davr hisoblanadi. Oila o‘zida milliy urf-odatlar va an’analarni mujassamlashtiradi, ularni saqlab qoladi va avloddan-avlodga uzatadi. Katta qilish va bolalarni tarbiyalash bir-biridan ajratib bo‘lmas jarayondir. Shaxsning mustaqillik darajasi, turli jins, yosh va millat odamlarga munosabati, madaniy va ma’naviy qadriyatlar va afzalliklarni hurmatlash, shaxsiy odatlar – erta bolalikdanoq shakllanib bo‘ladi. Oilada, bolalarga mehnatsevarlik, kattalarga, qo‘shnilarga, jamoat fikri va muallim-ustozlarga nisbatan chuqur hurmat, to‘g‘ri so‘zlik, jamoatchilik, o‘zaro yordam va o‘zaro qutqarish, mustahkam oila qurish va uni saqlab qolish, ta’lim olishga intilish tuyg‘ulari bilan tarbiyalanadi.

Shunday bo‘lsada, o‘yin faoliyati orqali bola shaxsida ijobiy xulq va odob malakalarini shakllantirish mumkin. Bunda o‘yin ko‘rinishlarining ko‘lamini kengaytirish, nafaqat oilaviy turmushdagi voqealar aks etgan o‘yin ko‘rinishlari, balki sayrlarga olib borish, tabiatni kuzatish, magazinlarni ko‘rish, transport vositalariga chiqish kabi o‘yin turlarini ham ko‘paytirish mumkin.

Maktabgacha ta’limda bola o‘yin faoliyati bilan umumiy o‘rta ta’limga tayyorlanib borishi bois maktabgacha ta’lim muassasalarida «Konstitutsiya saboqlari» mashg‘ulotlari bolalarning yoshi, ongi, qabul qilish saviyasi, har bir bolaning yosh xususiyatlari inobatga olingan holda amalga oshiriladi.

Maktabgacha muassasalardagi o‘rgatish faoliyati o‘yinlar orqali amalga oshirilishi sababli, Konstitutsiyadagi qoidalar turli xil o‘yin mashg‘ulotlarida tushuntiriladi. Aynan shu o‘yinlar orqali bolalar o‘z huquq va erkinliklarini, burchlarini anglab olishadi.

Shulardan kelib chiqib, Konstitutsiyada maktabgacha ta’lim muassasalarida Konstitutsiyani o‘rganish lozimligi borasidagi qoidalarni kiritish lozim. Bundan tashqari, Konstitutsiyada davlatning har bir bolaning maktabgacha ta’lim tashkilotlarida umumiy o‘rta ta’limga majburiy bir yillik tayyorgarlikdan o‘tish huquqini ta’minlash majburiyatini belgilash kerak.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, maktabgacha ta’lim uzluksiz ta’limning boshlang‘ich qismi hisoblanib, u bolaning sog‘lom va rivojlangan shaxs bo‘lib shakllanishini ta’minlab, o‘qishga bo‘lgan ishtiyoqini uyg‘otadi, tizimli o‘qitishga tayyorlab, huquqiy dunyoqarashini shakllanishiga katta yordam beradi. Shunday ekan, bu tizim faoliyatini yanada kuchaytirish, maktabgacha ta’lim muassasalarida har tomonlama qulay shart-sharoitlar yaratish, ularga maktabgacha yoshdagi bolalarni keng jalb etish farzandlarimizning barkamol va yetuk shaxs bo‘lib shakllanishida muhim o‘rin tutadi.

Farxod Taxirov

O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi

universiteti professori, yuridik fanlari doktori