English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maktabgacha ta’lim: Bolalar uchun begovel haydash metodikasi
17:58 / 2023-10-29

Farzandlarimizni yoshligidan sog‘lom turmush tarziga o‘rgatish, ularda kerakli ko‘nikmalarni shakllantirish, jismoniy tarbiya va sportga ommaviy jalb qilish, bu orqali sog‘lom avlodni voyaga yetkazish davlatimizning diqqat markazidagi masalalardan biridir.

Prezidentimizning 2020 yil 30 oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonida ham bunga alohida e’tibor qaratilib, bir qator vazifalar belgilangan.

Maktabgacha ta’lim agentligi tomonidan ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida  bir qator loyihalar amalga oshirib kelinmoqda.  

Jumladan, 2021 yilda maktabgacha ta’lim tizimiga ekologik ta’lim-tarbiya hamda bolalar uchun begovel haydash metodikasi joriy etilib, bu bo‘yicha yangi loyiha ishga tushirildi.  

Dastlabki loyihada o‘sha yili Toshkent shahrida birinchi bolalar velomarafoni o‘tkazilib, 13 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti 400 ta begovel bilan ta’mindi. Ikkinchi loyiha doirasida esa Samarqand shahridagi tanlab olingan 20 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga 500 ta begovel taqdim etildi. Shuningdek, 2023 yilda loyihaning uchinchi bosqichi amalga oshirildi – Xiva shahridagi 18 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi maktabgacha yoshdagi bolalar uchun 500 ta begovel yetkazib berildi.  Yaqinda Nukus shahridagi 20 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining 400 ta begovel bilan ta’minlanishi esa loyihaning to‘rtinchi bosqichi bo‘ldi.  

Shu o‘rinda o‘quvchida “begovel nima va uning qanday afzalliklari bor”, degan savol tug‘ilishi tabiiy.

Begovelning asosiy afzalligi shundaki, bola odatdagi pedal velosipedga qaraganda unda muvozanatni saqlashni o‘rganishi osonroq. Begovel bolaning mushak-skelet tizimini mukammal darajada rivojlantiradi. Begovelda bola tanasini boshqarishni va harakatlarini tezlikda muvofiqlashtirishni o‘rganadi.

– Loyiha doirasida jami 1 800 ta begovel Toshkent, Samarqand, Xiva hamda Nukus shaharlaridagi maktabgacha ta’lim tashkilotlariga taqdim etilgan bo‘lsa, bosqichma-bosqich keyingi yillarda boshqa hududlardagi maktabgacha ta’lim tashkilotlariga ham yetkazib berilishi rejalashtirilgan, – deydi Maktabgacha ta’lim agentligi axborot xizmati rahbari Mavluda Asqarxo‘jayeva. – Loyiha doirasida har yili bolalar velomarafoni ham o‘tkazib kelinyapti. Bundan ko‘zlangan maqsad atrof-muhitni muhofaza qilish va bolajonlarda yoshligidan yashil transport turidan foydalanish ko‘nikmalarini rivojlantirish, maktabgacha yoshdagi bolalar o‘rtasida velosportni ommalashtirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ularni yo‘l harakati xavfsizligi qoidalariga rioya qilishga o‘rgatishdan iboratdir.

Darhaqiqat, bu kabi velomarafonlarda ishtirok etish bolajonlar uchun olam-olam zavq bag‘ishlaydi. Ishtirokchilarning medallar bilan taqdirlanishi, esdalik sovg‘alarini olishi jajji qalblarda bir umrga yorqin iz qoldiradi.

Mohigul Qosimova, O‘zA