English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maktabgacha ta’lim: 2027 yil yakunigacha bolalar qamrovini 80 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan
17:27 / 2023-06-02

Mamlakatimizda maktabgacha ta’lim tizimini samarali tashkil etish, maktabgacha ta’lim muassasalari sonini oshirish va ularga bolalar qamrovini kengaytirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Bu borada 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida ham bir qator vazifalar belgilangan. Sohada amalga oshirilgan islohotlar natijasida bugungi kunda yurtimizda 6 ming 598 ta davlat, 833 ta xususiy, 1 ming 313 ta davlat-xususiy sheriklik (DXSH) asosida, 20 ming 676 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyat yuritmoqda. Maktabgacha (3-7 yosh) yoshdagi 2,9 million bolalardan 2,1 millioni maktabgacha ta’limga qamrab olingan.

Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi yig‘ilishida aytib o‘tildi. Unda maktabgacha ta’limda qamrovni oshirish, yangi bog‘cha o‘rinlarini yaratish, bog‘chalar sonini ko‘paytirish, ulardagi ta’lim-tarbiya sifatini tubdan yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi Andijon, Samarqand va Xorazm viloyatlari misolida nazorat-tahlil tartibida o‘rganish yakunlari muhokama qilindi.  

Yig‘ilishda Maktabgacha ta’lim agentligi vakillari qayd etganidek, 2023-2027 yillarda Investitsiya davlat dasturi doirasida 295 ta 49 ming 140 o‘rinli yangi MTT qurish, 77 ming 180 o‘rinli 711 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish, 69 ta davlat-xususiy sheriklik asosida, shuningdek, oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda 49 ta mobil guruhlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Bu orqali bolalarni qamrab olish ko‘rsatkichini 2027 yil yakuniga qadar 80 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Yig‘ilishda Andijon, Samarqand va Xorazm viloyatlaridagi o‘rganishlar natijalari viloyat mutasaddilarining onlayn ishtirokida keng muhokama qilindi.  

– Andijon, Samarqand va Xorazm viloyatlarida bolalarni maktabgacha ta’limga qamrab olish ko‘rsatkichlari o‘rganilib, tahlil etildi, – dedi qo‘mita a’zosi Oydin Abdullayeva. – Andijon viloyatida 547 ta davlat, 19 ta xususiy, 203 ta DXSH asosidagi, 2 ming 239 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari mavjud. Ularga maktabgacha yoshdagi qariyb 276 yarim mingga yaqin bolalardan 225 mingga yaqini (81,4 foizi) qamrab olingan. Shuningdek, viloyatdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari mavjud bo‘lmagan hamda qamrov ko‘rsatkichlari past bo‘lgan 5 ta tumanning 11 ta mahalla fuqarolar yig‘inida “Aqlvoy” loyihasi doirasida 480 dan ortiq bolalarni qamrab oladigan qayta jihozlangan 5 ta avtobus negizida 30 ta mobil guruh tashkil etilib, 27 ta yangi ish o‘rinlari yaratilgan.

[gallery-12202]

Samarqand viloyatida esa 735 ta davlat, 68 ta xususiy, 127 ta DXSH asosidagi, 2 ming 705 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari mavjud bo‘lib, maktabgacha yoshdagi 357 mingga yaqin boladan 242 yarim mingga yaqini (68 foizi) qamrab olingan. Xorazm viloyatida maktabgacha yoshdagi 154 mingga yaqin boladan 121 mingdan ortig‘i (78,8 foizi) MTTga qamrab olingan. Ularning 77 mingdan ziyodi davlat, 11 mingga yaqini davlat-xususiy sheriklik asosidagi, 32,5 mingdan ortig‘i oilaviy, 488 nafari nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qatnamoqda.

Muhokamalarda har uchala viloyat vakillarining sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha takliflari tinglandi. Vakillarning aytishicha, MTT rahbarlari va pedagog-tarbiyachilarning malakasini oshirish ishlarini poytaxtda emas, o‘z viloyatlarida tashkil etish lozim. Bu ortiqcha ovoragarchilik va xarajatlarning oldini oladi. Sohada oliy ma’lumotli kadrlarni ko‘paytirish maqsadida pedagogika oliygohlarida kvotalarni oshirish lozim. Hozirda 174 mingdan ortiq pedagog-tarbiyachining 34 foizi oliy ma’lumotli hisoblanadi.

Shuningdek, yangi MTTlarni qurish, xususiy bog‘chalarni tashkil etish borasida ham fikrlar bildirildi. Agentlik mutasaddilarining aytishicha, 829 ta mahallada MTT mavjud emas. Dastur va hujjatlarda ko‘zda tutilgan MTTlarni tashkil etishda birinchi navbatda, mana shu mahallalarda barpo etish rejalashtirilgani ta’kidlandi.

Deputatlar o‘rganishlar davomida aniqlangan muammo va kamchiliklar yuzasidan mutasaddilarga savollar bilan yuzlandi. Shuningdek, bir qator taklif-tavsiyalar berildi.  

Muhtarama Komilova, O‘zA