Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maktabga kitoblar sovg‘a qilindi
11:25 / 2023-11-23

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari Bahor Xolbekova, Zulayho Ahmadjonova, Yozuvchilar uyushmasi Sirdaryo viloyat bo‘limi mutaxassisi Xayrulla Solijonov Guliston shahridagi 15-umumta’lim maktabida uchrashuv o‘tkazdi.

Ijodkorlar bilan uchrashuvlar hamisha maroqli kechadi. Mehmonlarning bolalik xotiralari, hayot, bilim olish, kitobxonlik haqidagi suhbatlari yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi.  

–Maktabimizda badiiy ijodga qiziqadigan o‘quvchilar juda ko‘p, –deydi ustozlardan biri Ravshan Vapayev. – Bunday uchrashuvlar iste’dodlarni yuzaga chiqarishda turtki bo‘ladi. “Ko‘p kitob yig‘ish va ko‘p do‘stlar orttirishda ma’no yo‘q. Gap kitob va do‘stni tanlashdadir” degan ekan donishmandlardan biri.  

Shu kuni maktab kutubxonasi yana 200 dan ziyod eng sara asarlar bilan boyidi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmatida faoliyat yuritayotgan Zulayho Ahmadjonova o‘zi ta’lim olgan maktabga 100 dan ortiq turli nomdagi, shuningdek, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan taqdim etilgan 100 ta kitobni tuhfa qildi.  

–To‘rt mingdan ortiq kitob fondiga ega bo‘lgan kutubxonamiz yangi kitoblar bilan boyitilishiga hissa qo‘shayotganlarga katta rahmat, – deydi yigirma yildan buyon kutubxonachi bo‘lib ishlab kelayotgan Shoira Ahmedova. – Maktabimiz o‘quvchilari bu asarlarni uzoq yillar qo‘lma-qo‘l olib o‘qishlariga ishonaman.  

Sh.Suyarov,  

O‘zA muxbiri