Andijon viloyati Shahrixon tumanidagi 29-umumiy o‘rta ta’lim maktabida zamonaviy kutubxona tashkil etildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Odinaxon Otaxonova tashabbusi va homiyligida O‘zLiDePning “Durdona” loyihasi asosida tashkil etilgan kutubxonaning ochilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda partiyaning Andijon viloyat Kengashi mas’ul xodimlari, ta’lim muassasasi pedagoglari, o‘quvchi-yoshlar, mahalla faollari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Kutubxona fondi badiiy va ilmiy-ommabop adabiyotlar bilan boyitilgan.
Ochilish marosimida so‘z olgan Odinaxon Otaxonova kitobning inson hayotidagi o‘rniga alohida to‘xtalib, yoshlarning ma’naviy kamoloti yo‘lida kitobxonlik madaniyatini shakllantirish muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Shuningdek, mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan e’tibor, amalga oshirilayotgan islohotlar samarasida ta’lim va ma’rifat sohasiga keng imkoniyatlar yaratilayotgani qayd etildi. Yoshlar siyosati doirasida kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, milliy va jahon adabiyoti namunalarini keng targ‘ib qilishga qaratilgan chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda.

Tadbir doirasida “Kitob – ma’naviyat beshigi” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Unda yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni ommalashtirish, milliy adabiyot durdonalarini targ‘ib qilish, ma’naviy merosni asrab-avaylash masalalari muhokama qilindi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar yangi kutubxona faoliyati bilan tanishdi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat).