Maktabda talon-tarojga yo‘l qo‘yilmagan
Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanidagi 45-umumta’lim maktabi o‘quv yili boshlanishiga ikki hafta qolganida buzilib, talon-taroj qilinayotgani mazmunidagi videolavha tarqaldi.
Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanidagi 45-umumta’lim maktabi o‘quv yili boshlanishiga ikki hafta qolganida buzilib, talon-taroj qilinayotgani mazmunidagi videolavha tarqaldi.
Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati ushbu holatga munosabat bildirib, maktabdagi buzilish jarayoni bilan bog‘liq vaziyat tegishli tashkilot mutasaddilari tomonidan o‘rganilgani va videomurojaatdagi tanqidiy fikrlar asossiz ekanini ma’lum qilmoqda.
Xabarda qayd etilishicha, shaxsini oshkor qilmagan mazkur murojaat egasi davlat rahbariga virtual tarzda yuzlanib, Quyi Chirchiq tumanidagi 45-umumta’lim maktabida buzilish ishlari ketayotganini bildiradi. Maktab hududida o‘quv jarayoniga ikki hafta qolganda qurilish ishlarini boshlab, amalda hech ish bajarilmayotgani, talon-tarojga yo‘l qo‘yilgani haqida so‘zlaydi.
Mazkur murojaat viloyat hokimligi, xalq ta’limi boshqarmasi mas’ullari tomonidan o‘rganilganda tanqid va murojaat asossiz ekani ma’lum bo‘ldi.
Ushbu maktab tumanning Yilqichi mahallasi hududida joylashgan bo‘lib, sektorlar kesimida tuman prokurori hududi hisoblanadi. Maktab hududida ayni paytda katta hajmdagi qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Ma’lumot uchun – hududi 6 gektar 50 sotixdan iborat mazkur maktab 1968 yilda foydalanishga topshirilgan. O‘tgan yillar davomida maktab bir necha marta joriy ta’mirlangan. Oxirgi marta maktabda 2007 yili ta’mirlash ishlari olib borilgan.
Maktab binosining ta’mirtalabligi kundek ravshan, inkor etib bo‘lmas bir haqiqatdir. Maktab direktori E.Miralievning aytishicha, bugungi kunda qayta qurilayotgan sport zali va mehnat xonasi asosiy binoga qo‘shimcha ravishda keyinchalik barpo etilgan bo‘lib, bu binolarning poydevor qismi o‘rnatilgan me’yorlarga javob bermaydi. Ya’ni, devor ostiga beton to‘shama yotqizilmagan.
Shundan kelib chiqib, mahalliy aholining xohish-istagi, iltimosiga binoan ayni vaqtda mazkur hududda maktabning yangi binosi qurila boshlandi. Bu ezgu ishga bosh qo‘shaman, degan jo‘mard homiylar topildi. Qurilish sohasidagi eng so‘nggi, ilg‘or yutuqlar asosida barpo etilayotgan mazkur maktab binosining qurilish ishlari joriy yilning dekabr oyida to‘la yakunlanadi. Loyiha qiymati 6,5 milliard so‘m, sig‘imi 540 o‘rin.
Biroq, alohida e’tiborda tutish kerakki, maktabning hozirda foydalanishda bo‘lgan asosiy binosi yangi o‘quv yiliga shay holatda. Dastlabki hisob-kitoblarga qaraganda, sentabr oyida maktabga jami 592 nafar o‘quvchi (raqam o‘zgarishi mumkin) kelishi kutilmoqda. O‘qish bir smenada tashkil qilinadi. Maktab o‘quv yiliga har jihatdan tayyor. Qurilish bo‘layotgan hudud o‘quvchilar qatnoviga halal bermaydi, dars jarayoniga ta’sir ko‘rsatmaydi.
O‘rganish natijasida ma’lum bo‘ldiki, qurilish ishlarining borishida hech qanday talon-tarojga yo‘l qo‘yilmagan. Qurilish texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilingan holda, reja asosida olib borilmoqda. Eng muhimi, bu ishlarning boshlanganidan mahalliy aholi faqat va faqat mamnun.