Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maktabda ekofestival
15:52 / 2026-02-17

O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tashabbusi bilan “Eco-Schools Uzbekistan” loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan “Young Climate Champions” dasturi asosida Buxoro shahridagi 29-umumta’lim maktabida keng qamrovli va mazmunli ekofestival tashkil etildi.

Mazkur festival yoshlar o‘rtasida ekologik savodxonlikni oshirish, atrof-muhitga mas’uliyatli munosabatni shakllantirish, tabiat resurslarini asrash madaniyatini rivojlantirish hamda iqlim o‘zgarishi muammolariga nisbatan ongli, faol va mas’ul yondashuvni qaror toptirish maqsadida o‘tkazildi. Tadbirda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Buxoro viloyat Kengashi faollari, pedagoglar, jamoatchilik vakillari ham ishtirok etib, yoshlar bilan ochiq muloqotlar olib bordi, ekologik tarbiya va barqaror rivojlanish g‘oyalarini keng targ‘ib qildi.

Festival doirasida tuman va shaharlardan tashrif buyurgan o‘quvchilar ishtirokida turli yo‘nalishlardagi ekologik ko‘rgazmalar tashkil etildi. “Yashil maktab” tamoyillari asosida ishlab chiqilgan ijodiy, innovatsion va ilmiy-amaliy loyihalar taqdimoti o‘tkazilib, o‘quvchilarning ekologik fikrlash salohiyati, tashabbuskorligi va ijodkorligi namoyon etildi. Qayta ishlash (recycling) mahsulotlaridan tayyorlangan buyumlar ko‘rgazmasi orqali chiqindilarni saralash, qayta foydalanish, resurslarni tejash madaniyati keng targ‘ib etildi.

Shuningdek, ekologik viktorinalar, intellektual savol-javoblar, interaktiv o‘yinlar va trening mashg‘ulotlari orqali o‘quvchilarning bilim darajasi mustahkamlandi, ularning ekologik dunyoqarashi yanada boyitildi. Tabiatni muhofaza qilish, suv va havo resurslarini asrash, iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlarini kamaytirish, yashil hududlarni kengaytirishga qaratilgan targ‘ibot chiqishlari, sahna ko‘rinishlari va ijodiy kompozitsiyalar festivalga alohida mazmun bag‘ishladi.

–Bugungi global iqlim o‘zgarishlari sharoitida ekologik tarbiya masalasi strategik ahamiyat kasb etmoqda, –deydi O‘zbekiston Ekologik partiyasi viloyat Kengashi raisi o‘rinbosari Jahongir Sharipov. –Ayniqsa, bolalar va yoshlar ongida tabiatga hurmat, resurslarga ehtiyotkorlik, atrof-muhitga mas’uliyatli munosabatni shakllantirish  kelajak uchun eng muhim investitsiya hisoblanadi. Buxoroda tashkil etilayotgan bunday ekofestivallar shunchaki tadbir emas, balki yosh avlodda ekologik madaniyat, fuqarolik mas’uliyati va ijtimoiy faollikni rivojlantiruvchi katta tarbiyaviy maktabdir. Bu yerda bolalar nafaqat bilim olyapti, balki tashabbus ko‘rsatishni, yechim taklif qilishni, jamoada ishlashni ham o‘rganyapti. Biz Ekologik partiya sifatida shunday loyihalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaymiz. Chunki aynan shu avlod ertangi kunda tabiatni muhofaza qiluvchi yetakchilar, ekologik siyosatni ilgari surgan faol fuqarolarga aylanadi. Bugun urug‘ sepilyapti, ertaga uning samarasini butun jamiyat ko‘radi.

Festival jarayonida o‘quvchilar o‘zlarining ekologik loyihalari, startap g‘oyalari hamda atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan amaliy tashabbuslari bilan faol ishtirok etdi. Ular tomonidan energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish, plastik chiqindilarni kamaytirish, daraxt ekish, yashil hududlarni ko‘paytirish, suv resurslaridan oqilona foydalanish kabi yo‘nalishlarda aniq va maqsadli takliflar ilgari surildi.

Tadbir nafaqat bilim va tajriba almashish maydoni, balki yoshlar o‘rtasida ekologik madaniyatni mustahkamlovchi, jamoatchilikni birlashtiruvchi, faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantiruvchi muhim ijtimoiy platformaga aylandi. Mehmonlar maktab o‘quvchilarining sahna chiqishlari, ijodiy namoyishlari va amaliy loyihalarini katta qiziqish va mamnuniyat bilan kuzatdi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri