Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maktabda ayrim fan o‘qituvchilari va sinfxonalar yetishmasligi aniqlandi
16:33 / 2025-10-31

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari I.Tursunov va O.Iminov birgalikda Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 171-umumta’lim maktabida o‘rganish olib bordi. Jarayonda aniqlanishicha, maktabda rus tili, matematika, fizika, ximiya, biologiya fanlaridan o‘qituvchi yetishmaydi. Shuningdek, oylik maosh pastligi uchun farroshlar ham yetarli emas.

Aniqlangan muammolarni bartaraf etish borasida maktab jamoasidan ham takliflar olindi. Maktab jamoasining aytishicha, bugungi kunda maktabning sig‘imi mavjud o‘quvchilarni to‘liq qamrab ololmayapti. Shuning uchun qo‘shimcha bino qurib, sinfxonalar sonini ko‘paytirish evaziga qamrovni oshirish mumkinligi bildirildi. Asosiysi, qo‘shimcha bino qurish uchun maktab hududida yetarlicha yer mavjud.

Deputatlar aniqlangan muammo va ularning yechimiga qaratilgan takliflarni shakllantirib, mutasaddi idoralar bilan bog‘langan holda ijobiy yechim topishga kelishib oldi.

Deputat Irina Tokareva esa Olmazor tumani Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi hamda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazida bo‘ldi.

Xalq vakili mehnat bozoridagi davlat siyosatining ijrosi, aholini ish bilan ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holatini o‘rgandi. Shuningdek, ishga joylashish, kasbiy ta’lim berish va o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari bilan tanishdi.

Ma’lum qilinishicha, yil boshidan buyon tumanda 11 ming nafardan ortiq fuqaro doimiy ish joylariga joylashtirilgan. 586 nafar fuqaro esa talab yuqori bo‘lgan sohalar bo‘yicha kasbiy ta’lim olgan.

Shuningdek, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi faoliyati ham o‘rganilib, markaz xodimlarining mehnat sharoiti, amalga oshirilayotgan ijtimoiy dasturlar samaradorligi va aholiga xizmat ko‘rsatish tizimi tahlil qilindi. Uchrashuv davomida xizmatlar sifatini oshirish, aholi uchun qulaylik yaratish hamda ijtimoiy yordam turlarini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Muloqotlarda markazlar faoliyati samaradorligini oshirish, og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan fuqarolarni manzilli qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar bildirildi.

Muhtarama Komilova, O‘zA