Sirdaryo viloyati Boyovut tumanidagi 19-umumta’lim maktabi yangi tizim orqali isitiladi. Isitish tizimini ishga tushirish maktabda katta tantanaga aylandi.
Ochilish marosimida BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili janob Ram Iyer, viloyat hokimi o‘rinbosari Shohrux Isaqulov, Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Xudayqulov hamda tuman mas’ul xodimlari ishtirok etdi.


Ushbu loyiha Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi asosida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan Global Ekologik Jamg‘arma (MMG GEF) Kichik Grantlari dasturi asosidagi eng yaxshi alternativ isitish tizimi hisoblanadi. Isitish tizimi elektr energiyasida ishlaydi. Ushbu tajriba natijasida, O‘zbekiston qishloq maktablarini iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik jihatdan isitish uchun eng samarali alternativ texnologiyaga aylanish imkoniyatini yaratishi mumkinligi nazarda tutilgan.


– Mazkur issiqlik nasoslari energiya tejamkor isitish manbai sifatida butun dunyoda tobora ommalashib bormoqda. Isitish manbaining asosiy afzalligi uning energiyadan foydalanishdagi tejamkorligidir, – deydi BMT vakili Ram Iyer.
Tadbirda maktab o‘quvchilari tomonidan tashkil etilgan chiqishlar mehmonlarga xush-kayfiyat bag‘ishladi.
Sh.Suyarov, O‘zA muxbiri.