Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maktab va shifoxonalar ko‘mir bilan ta’minlandi
14:03 / 2022-08-25

Yoz o‘z o‘rnini kuzga bo‘shatib bermoqda. Kunlar salqinlab qoldi. Hademay yog‘in-sochinli kunlar boshlanadi. Yozda yopinchig‘ingni tashlama, qishda o‘zing bilasan, degan gap bor. Shuning uchun ham yoz oylaridayoq kuz-qish mavsumiga hozirlik ko‘riladi. Bu paytda zarur chora-tadbirlar ko‘rilsa, erta qahraton qishda hech kim qiynalib qolmay, sovuq kunlarni betalofat o‘tkazib olamiz.

Respublika hukumati tomonidan kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik yuzasidan belgilangan chora-tadbirlar dasturida tabiiy gaz yetib bormagan ta’lim va tibbiyot muassasalariga yozgi ta’til paytidayoq zarur miqdorda ko‘mir yoqilg‘isi yetkazib berish belgilangan. Ushbu vazifadan kelib chiqib, “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati “Koʻmir taʼminot” mas’uliyati cheklangan jamiyati Samarqand viloyati filiali tomonidan ham viloyatdagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari, bog‘chalar, bolalar musiqa va san’at, bolalar va o‘smirlar sport maktablari hamda tibbiyot muassasalari belgilangan miqdorda ko‘mir bilan ta’minlandi.  

– bugungi kunda viloyatdagi temiryo‘l stansiyalarida 8 ta ko‘mir ombori, Urgut va Qo‘shrabot tumanlarida 4 ta shoxobcha mavjud, – deydi “Koʻmir taʼminot” mas’uliyati cheklangan jamiyati Samarqand filiali direktori S.Jumanov. – Ular orqali ijtimoiy soha tashkilotlari va aholiga ko‘mir va ko‘mir mahsulotlari yetkazib beriladi. 2022/2023 yillar kuz-qish mavsumida viloyatdagi ta’lim va tibbiyot muassasalariga qariyb 45 ming tonna ko‘mir tarqatish bo‘yicha buyurtma olgan edik. Joriy yilning may-iyun oylarida ushbu buyurtmalar to‘liq bajarilib, muassasalarga ko‘mir mahsulotlari tarqatib bo‘lindi. Endilikda aholi uchun ko‘mir keltirishga hozirlik ko‘ryapmiz. Bu yil aholiga 118 ming mahalliy va 5 ming tonna import ko‘mir va ko‘mir mahsulotlari tarqatish rejalashtirilgan.  

Ayni paytda mahallalar bilan birga ko‘mir oluvchi fuqarolar ro‘yxati shakllantirilmoqda. 

– Avvallari qish paytida ham ko‘mir tushirganmiz, – deydi Urgut tumanidagi 27-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori X.Xursandov. – Keyingi yillarda esa ko‘mir mahsulotlari yoz paytidayoq tarqatilyapti. Bu yil ham kerakli miqdordagi ko‘mirni olib kelib omborga joylashtirildi.  

“Koʻmir taʼminot” mas’uliyati cheklangan jamiyati mutasaddilarining ma’lum qilishicha, aholi uchun ham ko‘mir kuzning dastlabki kunlaridan keltirilib tarqatiladi.  
 

G‘.HASANOV,  
O‘zA