Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maktab va oliygoh o‘rtasida hamkorlik
12:53 / 2025-10-23

Parkent tumanidagi 5-umumta’lim maktabi Chirchiq davlat pedagogika universiteti bilan amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi.

“Ta’limda hamkorlik” deb nomlangan tadbirda universitet rektori G‘ofurjon Muhamedov boshchiligidagi professor-o‘qituvchilar hamda tuman Maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri Javlon Yusupov ishtirok etdi. 

Tadbir avvalida rektor o‘quvchi-yoshlar bilan suhbatlashib, universitet hayoti haqida qiziqarli ma’lumotlarni gapirib o‘tdi. Shundan so‘ng maktabning fizika laboratoriyasi uchun optika hamda mexanika to‘plami, molekulyar termodinamika buyumlari sovg‘a sifatida taqdim etildi. Laboratoriya jihozlari bo‘yicha yoshlar uchun taqdimot qilinib, namoyishli tajriba ham o‘tkazildi. 

Bundan tashqari, aniq fanlar fakultetining dotsenti Kusherbay Suyarov, fizika kafedrasi mudiri Azlarxon Tillaboyev, katta o‘qituvchilar Sheroz Nurmamatov, Abdurazzoq Ernazarov, Sayyora Shermatova, o‘quv-laboratoriya xodimi Jamil Mavlonov maktabning 9-, 11-sinf o‘quvchilari bilan mahorat darslarini o‘tkazdi. Jarayonda o‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldi. 

Shuningdek, tadbir yakunida Chirchiq davlat pedagogika universiteti 5-maktab bilan hamkorlik shartnomasi imzoladi. Unga ko‘ra, oliygoh tomonidan maktab bilan kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishning o‘quv dasturlarini, o‘quv-metodik va normativ materiallarni ishlab chiqarishda ko‘maklashadi. 

Shu bilan birga, ta’lim jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tatbiq etishda, innovatsion va texnologik g‘oyalarni rivojlantirishda, qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirishga doir ilmiy asoslangan xulosa va tavsiyalar ishlab chiqarishda yaqindan hamkorlik qiladi. Yakunda maktab kutubxonasiga universitet professor-o‘qituvchilarining ilmiy adabiyotlar taqdim etildi. 

A.Musayev, O‘zA.