French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maktab ta’miri uchun pul yig‘ish mumkinmi?
13:14 / 2025-09-23

Huquqiy munosabat

Farzandi maktabga boradigan har bir ota-onaga turli pul yig‘imlari masalasi juda yaxshi tanish. Davlat maktablarida bepul ta’lim olish konstitutsiyaviy huquq hisoblanadigan bir paytda, ta’mirlash yoki boshqa ko‘rsatilgan vajlar uchun pul yig‘imlari yig‘ish mumkinmi?  

Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Imomali Tuyev bu bo‘yicha quyidagicha tushuntirish berdi:

–“Umumiy o‘rta ta’lim muassasasining kuzatuv kengashi haqida”gi namunaviy nizomning 31-bandiga ko‘ra, ta’lim muassasasida o‘quvchilar va ularning ota-onalaridan turli xil sabablar bilan Kengash a’zolari, ta’lim muassasasi rahbari va boshqa xodimlari tomonidan pul mablag‘larini yig‘ish qat’iyan taqiqlanadi.

Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan “Umumta’lim maktabi to‘g‘risida”gi nizomiga ko‘ra, davlat umumta’lim muassasalari faoliyatini moliyalashtirish quyidagi manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘laridan, umumta’lim muassasasining tadbirkorlik faoliyatidan, qonunchilikda taqiqlanmagan shartnoma asosida pulli xizmat ko‘rsatish, bino va inshootlarni, jihoz va anjomlarni ijaraga berishdan olingan daromadlardan hisoblanadi.

Shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning qonun bilan taqiqlanmagan homiylik xayriyalari, mahalliy hamda xalqaro tashkilotlarning grantlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalardan ham amalga oshiriladi.

Demak, maktablarda remont uchun pul yig‘ish taqiqlanadi.

Lekin jismoniy va yuridik shaxslarning qonun bilan taqiqlanmagan homiylik va xayriyalari bundan mustasno. Eslatib o‘tamiz, homiylik va xayriya ixtiyoriy bo‘lishi lozim.  

Gulnoza Boboyeva,

O‘zA