Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maktab ta’miri uchun ajratilgan pul shaxsiy “cho‘ntakni ta’mirladi”
08:20 / 2021-02-07

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chimboy tumanidagi maktablarda joriy ta’mirlash ishlarini olib borishga yo‘naltirilgan mablag‘larning maqsadli sarflanishi tekshirilganda, ularning talon-taroj qilinganligi aniqlandi.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi matbuot xizmati O‘zA muxbiriga ma’lum qildi.

Jumladan, Chimboy tumani Xalq ta’limi bo‘limi bilan “Power elegant construction” mas’uliyati cheklangan jamiyati o‘rtasida tumandagi 36-sonli umumta’lim maktabida joriy ta’mirlash ishlarini olib borish uchun 2020 yil 9 avgust kuni shartnoma imzolangan. Maktab binosida joriy ta’mirlash ishlari to‘la bajarilmagan bo‘lsa ham hujjatlar soxtalashtirilib, jami 290,9 million so‘m mablag‘ talon-taroj qilingan.

Bunday kamchiliklar tumandagi 2-sonli umumta’lim maktabida olib borilgan ishlarda ham aniqlandi. Xalq ta’limi bo‘limi bilan “Xadji stroy” mas’uliyati cheklangan jamiyati o‘rtasida 949,0 million so‘mlik joriy ta’mirlash ishlarini amalga oshirish bo‘yicha 2020 yil 9 avgust kuni shartnoma imzolangan. Ammo bu yerda ham hisob-fakturalariga qalbaki ma’lumot kiritish yo‘li bilan hujjatlar soxtalashtirilib, 157,0 million so‘m mablag‘ yo‘q qilingan.

“Nukus suv inshootlarini ta'mirlash” mas’uliyati cheklangan jamiyati byudjet mablag‘idan “samarali foydalanishda” yuqoridagi hamkasblaridan qolishmadi. Chimboy tumani Xalq ta’limi bo‘limi bilan 44-sonli umumta’lim maktabida joriy ta’mirlash ishlarini olib borish uchun 2020 yil 14 iyul kuni 920,1 million so‘mlik shartnoma imzolangan. Maktab binosida joriy ta’mirlash ishlari to‘la bajarilmagan bo‘lsa ham hujjatlar soxtalashtirilib, 161,6 million so‘m mablag‘ kimningdir shaxsiy cho‘ntagiga tushib ketgan.

Mazkur xolatlar yuzasidan Chimboy tumani Xalq ta’limi bo‘limi va “Power elegant construction”, “Xadji stroy”, “Nukus suv inshootlarini ta'mirlash” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari mansabdor shaxslariga nisbatan departamentning Chimboy tumani bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Ayni kunda Chimboy tumani prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Dovud Abibullayev, O‘zA