Munosabat
Mamlakatimizda maktab ta’limini rivojlantirish, yosh avlodni munosib sharoitlarda o‘qitish, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallash imkoniyatlarini yanada yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z natijasini bermoqda.
Mazkur islohotlarga hamoxang ravishda Toshkent viloyatida ham har yili yangi-yangi ta’lim maskanlari barpo etilib, ularning moddiy-texnik bazasi, kadrlar salohiyati mustahkamlanmoqda. Darslik va o‘quv qo‘llanmalarining zamon talablariga mos yangi avlodi yaratilmoqda. Keyingi yillarda viloyatimizda maktablarda qariyb 100 mingta, bog‘chalarda esa 15 ming 800 ta qo‘shimcha o‘rin yaratildi.
Ayni paytda viloyatimizda 959 ta umumta’lim muassasasi faoliyat yuritmoqda. Ushbu ta’lim dargohlarida yarim million nafardan ko‘p o‘quvchilar tahsil olmoqda. O‘qituvchilarimizning oylik maoshi ming AQSH dollariga yetadigan kunlar allaqachon kelgan. Bu yurtimizda o‘qituvchilar mehnatini qadrlash va ularning maqomini munosib darajaga ko‘tarish bo‘yicha davlatimizda olib borilayotgan siyosat va islohotlar natijalari hayotda o‘z tasdig‘ini topayotganiga yaqqol misoldir.
Prezidentimiz yurtimizda innovatsion va kreativ fikrlaydigan, zamonaviy kadrlar tayyorlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida, yuksak ma’naviyat egalari etib tarbiyalash, shu maqsadda ta’lim tizimini takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratgani bejiz emas. Sababi rivojlangan davlatlarda islohotlar avvalo ta’lim tizimidan, bog‘cha, maktab, tarbiya masalasidan boshlanganini ko‘ramiz. Chunki ta’lim va tarbiyaning asosi, poydevori bu maktabdir.
2023 yil 25 mayda davlatimiz rahbari tomonidan “Osiyo taraqqiyot banki hamkorligida Toshkent shahri va Toshkent viloyatida davlat-xususiy sheriklik asosida umumiy o‘rta ta’lim maktablarini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori ham mazkur sa’y-harakatlardagi muhim qadamlardan biriga aylandi. Mazkur hujjat bo‘yicha viloyatimizda ham shu toifadagi ta’lim maskanlari ko‘payadi.
Dilshod Ilolov,
Toshkent viloyati Maktabgacha va
maktab ta’limi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i.
O‘zA