Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maktab ta’limi sohasiga AKT joriy qilish orqali bir qator qulayliklar yaratilmoqda
16:50 / 2024-03-04

So‘nggi yillarda maktab ta’limiga bo‘lgan e’tibor ortib tizimda bir qator ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda.

Misol tariqasida yaqin yillargacha maktabga o‘quvchilarni qabul qilish va ularni bir maktabdan boshqasiga o‘tkazish eng ko‘p korrupsiyaviy holatlar qatoriga kirib, ota-onalarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotgan edi. 

Shu kabi holatlarning oldini olish maqsadida bolalarni 1-sinfga qabul qilish va o‘quvchilarni bir maktabdan boshqasiga o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatlari (my.gov.uz va my.maktab.uz portali) joriy etildi. 

Hozirda 1-sinfga qabul va maktabdan maktabga o‘tkazish uchun ota-onalar onlayn shaklda ariza beradi. Elektron tizim avtomatik ravishda uni maktabga yuboradi, o‘quvchi maktabga qabul qilinadi. 

Ma’lumot uchun: mazkur tizim bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Hozirda 43 ta tuman va shaharlarda 1200 dan ortiq maktablarga joriy etilgan. Shu kunga qadar ushbu xizmatdan 243 115 nafar fuqaro foydalandi. 

Shu bilan birgalikda, bitiruvchilarga qog‘oz shaklidagi shahodatnoma berishda ham turli ko‘rinishda tamagirlik holatlariga yo‘l qo‘yilgan. O‘tgan yildan boshlab bitiruvchilarga elektron shahodatnoma berish tizimi joriy qilindi va ushbu hujjatni qog‘oz shaklida olib yurishga yoki uni chop etib hujjat topshirishga zaruriyat qolmadi. 

Ma’lumot uchun: bitiruvchi oliy ta’limga hujjat topshirmoqchi bo‘lsa, elektron platforma Bilim va malakalarni baholash agentligi (sobiq DTM) axborot tizimi bilan integratsiya qilingani bois, barcha ma’lumot avtomatik tarzda ushbu tizimga yuboriladi. 

Eng muhimi, elektron shahodatnomaga QR-kod tasviri tushirilib, uni istalgan vaqtda elektron platforma orqali tekshirib olish yoki shahodatnoma yo‘qotib qo‘yilgan taqdirda dublikat olish uchun ovora bo‘lmasdan shu zahotiyoq elektron bazadan qayta bepul yuklab olish mumkin bo‘ldi. 

2022-2023 o‘quv yilida 974 mingdan ortiq bitiruvchilarga elektron shahodatnoma berildi. 

Shular qatorida Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda respublikamizdagi 10 095 ta umumta’lim maktabi hamda “Barkamol avlod” bolalar maktablariga keng polosali Internet tarmog‘i tortilib, shundan 10 037 tasida Internetdan foydalanish uchun qurilmalar o‘rnatildi. 

10 104 ta umumta’lim maktabining kompyuter sinfxonalariga lokal tarmoq hamda o‘qituvchilar xonasiga Wi-Fi qurilmalari o‘rnatildi. 

Bundan tashqari xalq ta’limi tizimini avtomatlashtirish, ma’lumotlar almashinuvini elektron shaklga o‘tkazish hamda tizimda shaffoflikni ta’minlash maqsadida 20 dan ortiq axborot tizimlari ishga tushirildi. 

O‘zA