Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maktab ta’limi davlat, jamiyat va xalq e’tiborida
15:49 / 2017-10-31

Mamlakatimizda yoshlarning puxta ta’lim olishini ta’minlash, ularni milliy an’ana va qadriyatlarimizga hurmat ruhida kamol toptirish masalasiga davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida e’tibor qaratilmoqda.

Mamlakatimizda yoshlarning puxta ta’lim olishini ta’minlash, ularni milliy an’ana va qadriyatlarimizga hurmat ruhida kamol toptirish masalasiga davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida e’tibor qaratilmoqda. Bosh qomusimizning 41-moddasida har kim bilim olish huquqiga egaligi, bepul umumiy ta’lim olish davlat tomonidan kafolatlangani, maktab ishlari davlat nazoratida ekani mustahkamlab qo‘yilgan.

Ta’lim-tarbiya sohasida qabul qilingan ko‘plab farmon va qarorlar, milliy qonunchilik hujjatlari bolalarning kitobxonligini oshirish, ta’limning barcha bo‘g‘inlarida o‘qitish sifatini tubdan takomillashtirish, kasb-hunar kollejlari va litseylar faoliyatini optimallashtirish, iqtidorli bolalar uchun o‘quv maskanlarini tashkil etishda yangi istiqbollarni ochmoqda.

Xalq ta’limi vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 15 martdagi “Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi va 2017 yil 6 apreldagi "Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining davlat ta’lim standartlarini tasdiqlash to‘g‘risida"gi qarorlariga muvofiq qator yangiliklar joriy qilindi. Jumladan, sinfda o‘quvchilar soni 35 dan oshmasligi qat’iy belgilandi.

9-sinf bitiruvchilari va ularning ota-onalari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovda o‘quvchilarning aksariyati o‘qishni 10-sinfda davom ettirish istagini bildirdi. Ota-onalar hamda keng jamoatchilikning xohish-istaklari inobatga olinib, 2017 – 2018-o‘quv yilidan boshlab maktablarning 9-sinfi bitiruvchilariga ularning intilishiga mos tarzda maktablarning 10-sinflarida yoki akademik litseylar va kollejlarda o‘qishni davom ettirishiga imkoniyat yaratib berildi.
10-11-sinflar uchun 12 ta fan o‘qitilishi nazarda tutilgan o‘quv rejasi va dasturlari ishlab chiqildi. Ular asosida 18 nomdagi darsliklar yaratildi. Mazkur darsliklarni yaratish jarayoniga tajribali o‘qituvchilar, pedagog-olimlar va uslubiyotchilar keng jalb etildi. 10-sinf o‘quvchilari uchun 9 million nusxada darslik chop etildi.

Umumta’lim maktablarining 10-sinflarida dars beradigan fan o‘qituvchilarining kasb mahoratlarini oshirish maqsadida uslubiyotchi o‘qituvchilar maktabi tashkil etildi. Mamlakatimizning barcha hududlaridan saralab olingan uslubiyotchi o‘qituvchilar uchun o‘tkazilgan o‘quvlarda 10-sinflar uchun o‘quv rejasi, malaka talablari, o‘quv dasturlari va darsliklarning mazmun-mohiyati pedagoglarga atroflicha tushuntirildi. Ushbu yangiliklar o‘quv yili boshlangunga qadar kaskad usulida har bir maktab o‘qituvchisigacha yetkazildi.

O‘quv rejasiga ko‘ra 10-sinf o‘quvchilari haftada besh kun umumta’lim fanlarini va bir kun (6 soat) kasbga oid fanlarni o‘rganishi belgilandi. O‘quvchilarga kasb o‘rgatadigan o‘quv-ishlab chiqarish majmualarining ahamiyati g‘oyat katta bo‘lmoqda.

Prezidentimizning o‘quv anjomlari, darsliklardan iborat sovg‘asi bu yil 1-sinfga qadam qo‘ygan 650 ming nafar o‘quvchiga topshirildi. Umumiy o‘rta ta’lim sohasida kechayotgan tub ijobiy o‘zgarishlar samarasida yangi davlat ta’lim standartlari asosida o‘quv adabiyotlari yaratishga jiddiy yondashilmoqda. 1-, 4-, 6-, 7-, 10-sinflar o‘quvchilari uchun poligrafik va dizayn jihatidan zamonaviy talablarga javob beradigan darslik va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar chop etilib, ta’lim muassasalariga yetkazildi.

Davlatimiz rahbarining hududlarga tashrifi davomida bergan topshiriqlariga asosan o‘quvchilarning ona tili va adabiyotga, ayniqsa, kitobxonlikka bo‘lgan qiziqishini oshirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda mamlakatimizning turli joylarida iqtidorli o‘quvchilar uchun bilim dargohlari tashkil etildi. Prezidentimiz tashabbusi bilan poytaxtimizda Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internati faoliyat ko‘rsatmoqda. Nukus shahrida Ibroyim Yusupov, Andijon shahrida Muhammad Yusuf, Qarshi shahrida Abdulla Oripov, Jizzax shahrida Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi hamda boshqa qator ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar tashkil etilib, ularga iqtidorli o‘quvchilar saralab olindi.

Ayni paytda aniq va tabiiy fanlarni yanada puxta o‘qitishni ta’minlash maqsadida har bir hududda ixtisoslashgan maktablar va sinflar tarmog‘i tashkil etildi.

Bu yil axborot-resurs markazlari va umumta’lim maktablari kutubxonalariga lotin grafikasi asosida yaratilgan o‘zbek va chet el yozuvchilarining 28 nomdagi 1 million 200 mingdan ortiq nusxadagi badiiy asari, ensiklopediyalar va ma’rifiy kitoblar yetkazildi.

Yurtimizda kechayotgan o‘zgarishlar jarayonida maktab ta’limiga doir islohotlar alohida o‘rin egallaydi. Ayni islohotlar maqsadli, manzilli, xalqning, ota-onalar, pedagoglarning xohish-istagi, maqsad-muddaolari, yoshlarning beg‘ubor orzu-intilishlarini inobatga olgan holda, mamlakatimizda belgilangan milliy qonunchilikka tayanilib, qat’iy olib borilmoqda.