Maktab ryukzaklari qabr toshlar koʻrinishida: YUNISEF namoyish etayotgan installyatsiya qalblarni larzaga soladi
Qabr toshlar koʻrinishida oʻrnatilgan 3 758 ryukzak harbiy harakatlar minglab norasidalarni hayotdan olib ketayotganini soʻzlaydi
BMTning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohi yonida YUNISEF (BMT Bolalar jamgʻarmasi) 2018-yilda harbiy ziddiyatli hududlarda bolalar oʻlimi koʻlami nihoyatda yuqori boʻlganini koʻrsatuvchi installyatsiyani namoyish qilmoqda.
Qabr toshlar koʻrinishida oʻrnatilgan 3 758 ryukzak harbiy harakatlar minglab norasidalarni hayotdan olib ketayotganini soʻzlaydi. Installyatsiya 10-sentyabrga qadar davom etadi. Aksiya nihoyasiga yetgach, ryukzaklar bolalar taʼlimini qoʻllab-quvvatlash maqsadida oʻz sayohatini davom ettiradi.
“YUNISEF ryukzaklari doim umid va bolalik timsoli boʻlib kelgan. Bor yoʻgʻi ikki haftadan soʻng dunyo yetakchilari Bola huquqlari toʻgʻrisidagi Konvensiyaning 30 yilligini nishonlash maqsadida BMT bosh assambleyasining navbatdagi sessiyasida ishtirok etishadi. Mazkur installyatsiya ularga eng muhim narsani esga solishi lozim”, degan YUNISEF ijrochi direktori Genriyetta Fore namoyish qilinayotgan installyatsiya haqida.
BMT bosh kotibining “Bolalar va 2019-yildagi qurolli ziddiyatlar toʻgʻrisida”gi yillik hisobotiga koʻra, oʻtgan yilda harbiy harakatlar davom etayotgan hududlarda hayotdan koʻz yumgan, majruh boʻlgan bolalar soni 12 mingdan ziyod. Bu BMT tarixida eng katta koʻrsatkich boʻlib, YUNISEFga koʻra, haqiqiy raqamlar bundanda ziyod boʻlishi mumkin. Afgʻoniston, Markaziy Afrika Respublikasi, Somali, Janubiy Sudan, Suriya, Yamanda hanuz davom etayotgan qurolli toʻqnashuvlarda bolalar urush bahosini qon bilan toʻlamoqda. Mazkur hududlarda havo hujumlari, yer usti minalari, minomyotlar, qoʻlbola portlovchi moslamalar, raketa, artilleriyadan oʻqqa tutish oqibatida minglab oʻgʻil-qizlar nobud boʻlmoqda.