Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maktab psixologlari uchun seminar
14:14 / 2025-08-20

Bugungi globallashuv davri, ijtimoiy tarmoqlar yoshlar ongiga muttasil o‘z ta’sirini o‘tkazayotgan bir murakkab paytda maktab psixologlari zimmasida ulkan vazifalar mavjud.

Poytaxtimizda boshlangan “O‘quvchi shaxsiyatini shakllantirish va psixoemotsional holatdagi muammolar hamda ularning oldini olish” mavzusidagi o‘quv seminar ayni dolzarb masalaga bag‘ishlangani bilan ahamiyatli bo‘ldi.  

Seminar Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti hamkorligida tashkil etildi.      

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining o‘rinbosari Farhod Boqiyev va boshqalar bugungi davr maktab psixologlari zimmasiga ulkan va mas’uliyatli vazifalarni yuklayotganini ta’kidladi.  

Aytish kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoni bilan tasdiqlangan joriy yilgi Davlat dasturida ta’lim jarayoni ishtirokchilarini psixologik qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha bir qator dolzarb vazifalar belgilab berilgan.  

–Bugun yoshlarning qiziqishlari umuman boshqacha, – dedi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi boshqarma boshlig‘i Erkin Murodov. – Bolalarga ijtimoiy tarmoqlarning ta’siri kuchli bo‘lib turgan hozirgi davrda yosh avlod tarbiyaga o‘ziga xos tarzda yondashuv talab etilmoqda. Ulg‘ayib kelayotgan avlodni shaxs sifatida shakllantirishda psixologlarning xizmatlari ulkan. Bugungi seminar uchun 2 muhim tarqatma material tayyorlandi. Birinchisi, ota-onalar bilan ishlashga oid qo‘llanma bo‘lsa, keyingisi psixologlar uchun qo‘llanma. Ushbu tadbir doirasidagi mashg‘ulotlarda psixologlar hozirda qanday tamoyillarga tayanib ishlashlari kerak, degan masala batafsil muhokama etiladi.  

–“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida bulling, autodestruktiv xulq-atvor, yoshlarning jinoyatchilikka qo‘l urishi, shuningdek,  pedagoglarning ruhiy charchashi kabi salbiy holatlarning oldini olish maqsadida maktablardagi psixologik xizmatlarni tobora takomillashtirish muhim vazifa etib belgilangan, – dedi  Ta’limni rivojlantirish ilmiy-metodik markazi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi Yuliya Risyukova. – Shu maqsadda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda bizning markazimiz tomonidan yangi psixologik-metodik resurslar yaratildi. Ikki kunlik seminar davomida ana shu yangicha yondashuv asosidagi resurslarning mazmun-mohiyati seminar ishtirokchilariga batafsil tushuntiriladi.  

Seminar davomida mavzuga oid dolzarb masalalar mohir ekspertlar, mutaxassislar, maktab psixologlari tomonidan keng, atroflicha tahlil etiladi.  

O‘z navbatida mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan eng mahoratli psixologlar bu yo‘nalishdagi bilimlarini dastlab viloyat, keyinchalik tuman, ta’lim maskani miqyosida bosqichma-bosqich tarzda yurtimizning barcha maktab psixologlariga yetkazadi.

Nazokat Usmonova,  

O‘zA muxbiri