English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maktab oshxonalari talabga javob beradimi? (+ video)
12:57 / 2022-11-05

O‘zA REYDI

O‘zAda yangi loyiha ish boshladi. “O‘zA REYDI” loyihasida vakolatli mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda reyd tadbirlari o‘tkaziladi. Unda davlat tashkiloti tuzulmalaridagi mavjud vaziyatlarning ayni holati videoreportaj orqali ko‘rsatib beriladi.

Ilk dasturni O‘zA muxbirlari Sanepidxizmat mutaxassislari bilan hamkorlikda poytaxtimizdagi maktab oshxonalarida maxsus reyd nazoratini o‘tkazdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lumot berishicha, maktab oshxonalarida “fastfud” tayyorlash va sotish taqiqlangan. Bu turdagi mahsulotlar umumta’lim muassasalarida ruxsat etilmaydigan oziq-ovqatlar ro‘yxatiga kiritilgan. 

Shuningdek, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ham ularni kundalik taomnomadan chiqarishni tavsiya qilgan. Bundan tashqari,oshxonalarda tayyorlanadigan va sotiladigan mahsulotlar o‘quvchilar ovqatlanishini tashkil etishning sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlarida ko‘rsatilgan me’yorlarga mos kelishi lozim. 

Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional ta’lim muassasalarida o‘quvchilar ovqatlanishini tashkil etishning sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlarida maktab oshxonalarida tayyorlanishi va sotilishi mumkin bo‘lmagan mahsulotlar ro‘yxati keltirib o‘tilgan. 

Unga ko‘ra, maktab oshxonalarida tayyorlanishi va sotilishi mumkin bo‘lmagan mahsulotlar turiga go‘sht qo‘shilgan, mayonez, ketchup va orasiga sabzavotlar solingan non mahsulotlari, (gamburger, chizburger va xot-doglar) sun’iy ta’m va hid beruvchi moddalar, bo‘yoqlar, aromatizatorlar qo‘shilgan qandolatchilik mahsulotlari, sun’iy konservantlari bo‘lgan («kiriyeshki», «xrustyashki» va chipslar;) mahsulotlar, rangli va rangsiz gazlangan ichimliklarni sotish taqiqlanadi.

Bundan tashqari, veterinariya nazoratidan o‘tmagan mahsulotlardan kvas, xom dudlangan go‘shtli gastronomik mahsulotlar va kolbasalar, qaynatilgan kolbasa, marinadlangan sabzavot va mevalar, tabiiy kofe, tetiklantiruvchi va quvvatni oshiruvchi energetik ichimliklar, go‘sht va tvorogli quymoqlar, tez tayyorlanadigan quruq oziq-ovqat konsentratlarini sotish ham taqiqlanadi.

Xo‘sh, mazkur qoidalarga joylardagi ta’lim muassasalarida qay darajada amal qilinmoqda?

Reyd nazoratining birinchi manzili Yunusobod tumanida joylashgan 70-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi oshxonasi bo‘ldi. Tashqaridan qaraganda maktab oshxonasidagi vaziyat risoladagidek, ammo... 

Oshxona yoritish tizimlari bilan talab darajasida ta’minlanmagan. Kolbasa qo‘shib tayyorlangan pitssalar, sun’iy ta’m va rang qo‘shilgan ichimliklar, shirinliklar, aromatizatorlar qo‘shilgan qandolatchilik mahsulotlari, saqich, qurt va shu kabi mahsulotlar maktab oshxonasida bemalol sotilmoqda.

Yeguliklar ustiga to‘shalgan yopinchiq, oshxona xodimlarining peshbandlari  esa sanitariya talabiga javob bermaydi.  Qo‘l yuvish burchagida esa na sovun va na sochiqni ko‘rdik.

Vaholanki, maktab direktoriga ko‘ra, mazkur ta’lim muassasasi yo‘l yoqasida joylashgani bois, oshxonada tez-tez brokeraj komissiyasining nazorati o‘tkazilib turiladi. Shu kabi aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha Sanepidxizmat xodimi kerakli tavsiyalarni berdi.

Keyingi manzil Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Filologiya fanlariga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi bo‘ldi. Maktab darvozasidan kirarkanmiz, birinchi galda o‘quv qurollari sotilayotgan do‘kon e’tiborimizni tortdi. Do‘konda maktab o‘quvchilarining iste’moli uchun taqiqlangan mahsulotlar erkin sotilmoqda.

Maktab oshxonasiga qadam qo‘yar ekanmiz, u yerdagi manzara bizni taajjubga soldi. Rastalardagi ketchup, mayonezli pitssalar, qachon tayyorlangani va muddati ko‘rsatilmagan kremli pishiriqlar, kolbasa mahsulotlari bilan tayyorlangan bulochkalar usti ochiq holatda sotilmoqda. 

Ayni tushlik vaqtida o‘quvchilarga issiq ovqat uzatilayotganini ko‘rib quvongan bo‘lsak, taomlar uzatish joyida maxsus idishlarda saqlanayotgan ovqatning usti ochiq holatdaligi, kamiga tepasida tuvaklarga ekilgan gullarning qator joylashtirilgani ta’bimizni xira qildi.

Bundan tashqari, xushbo‘ylantiruvchi moddalar qo‘shilgan qandolatchilik mahsulotlari, yaroqlilik muddati noma’lum “chips” va bodroqlardan tortib, rangli va gazlangan ichimliklargacha, o‘quvchilarga muntazir edi. Sotuvchi esa, “Agar bu mahsulotlar maktabimizda sotilmasa, o‘quvchilar ko‘chadan chiqib olib kelyapti” deya vaziyatdan chiqishga urindi. Qiziq, gap o‘quvchilarning salomatligi ustida borar ekan, bu sodda bahonani qanchalar oqlash mumkin?

Navbatdagi manzil Yashnabod tumaniga qarashli 69-maktab oshxonasi bo‘ldi. Ketchup-mayonezli kolbasa qo‘yilgan pitssa, xot-doglar bu oshxonada ham bemalol sotilmoqda. Qolaversa, bu yerda ham oshxona tozaligi, yoritish tizimlari talab darajasida emas. Bizni ko‘rib, gap nimadaligini darrov payqagan oshxona xodimi ichida nima borligi noma’lum idishlardan birini epchillik bilan ko‘tarib oldi-yu, eshik tomonga yugurib ketdi va zum o‘tmay,  oshxonaga olib kiradigan eshik ham qulflandi.

Devorda osig‘liq turgan yo‘riqnomada esa avval qo‘lni yuvib, so‘ng taomlanish bo‘yicha tavsiyalar berilgan ekan. Ammo bu tavsiyalarga amal qilish uchun burchakda na sovun, na sochiqlar osilgan. Kamiga qo‘l yuvish burchagi ham texnik nosoz holatda. Taomnoma osiladigan peshtaxta ham bo‘m-bo‘sh, xo‘jako‘rsinga qo‘yilgandek go‘yo...

Sanepidxizmat xodimi oshxona xonalarining to‘g‘ri taqsimlanmagani, asosiy xonada havo o‘tkazish tizimining yo‘qligi bo‘yicha e’tiroz bildirdi. Hatto xodimlar egnidagi oppoq xalat va peshbandlar ham tozalik bo‘yicha talabga javob bermaydi.

Ish holatida bo‘lmagan muzlatkichdagi tovuq va mol go‘shti ham artilgan sabzavotlar, pomidor pastasi, og‘zi ochiq holatda turgan meva sharbatlari, pishiriqlar bilan yonma yon pul solingan tog‘oracha, ketchup, og‘zi berkitilmagan axlat chelagi, sabzavotlar burchagidagi ivirsib yotgan supurgidan to yuvilmagan sochiqlargacha ta’bimizni xira qildi.

Qizig‘i, tekshiruv jarayonida har uchala ta’lim muassasalari ham o‘quvchilar iste’moli uchun taqiqlangan mahsulotlarni sotish mumkin emasligi va sanitar talablar borasida ogohlantirilganliklarini tan oldi. Biroq, shunga qaramay, ularning mavjud tartiblarni chetlab o‘tishlariga nima sabab bo‘lmoqda? Moddiy daromad olish istagimi yoki o‘quvchi-yoshlar salomatligiga nisbatan loqaydlik hissimi?

Agar siz o‘z hududingizdagi maktab oshxonalari talabga javob bermaydi, deb hisoblasangiz, bu haqda video ostida yozib qoldiring. 

O‘zA maxsus reyd tadbirlarini davom ettiradi. Keyingi manzil sizning hududingiz bo‘lishi mumkin. 

 

M. Eshmirzayeva, Yoqub Meliboyev (video), O‘zA