Davlatimiz rahbari raisligida “Bolalarni dam olishini tashkil etish va “Dolzarb 90 kun” dasturi doirasida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan topshiriqlar ijrosi yuzasidan Jizzax viloyatining umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘quvchilarning yozgi dam olish kunlarini mazmunli o‘tkazish uchun bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
“Dolzarb 90 kun” dasturining ijrosi qanday bajarilayotganini o‘rganish maqsadida Sharof Rashidov tumanidagi umumta’lim maktablari qoshida tashkil etilgan o‘quvchilarning yozgi sog‘lomlashtirish maydonchalariga xizmat safari uyushtirdik.
Tumanda jami 58 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi mavjud bo‘lib, ayni paytda, shulardan 10 tasida o‘quvchilarning yozga sog‘lomlashtirish maydonchalari tashkil etilgan bo‘lib, ularda 550 nafar o‘quvchi dam olayotgan ekan.
[gallery-23820]
Biz xizmat safarimizni 6-sonli umumta’lim maktabidan boshladik. Dastur ijrosi doirasida ushbu maktabdagi sog‘lomlashtirish maydonchasida hordiq chiqarayotgan bolajonlar kunni ertalabki badantarbiya mashg‘ulotlari bilan boshlashdi.
So‘ngra, o‘quvchilar o‘rtasida tashkil etilgan “Kitobxon bolajon” viktorinasi jo‘shqin va qiziqarli bahslarga boy o‘tdi. Vatanparvarlik ruhidagi o‘zbek milliy multfilmlari namoyishi esa bolajonlarning asosiy diqqat markazida bo‘ldi.
5-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabiga borganimizda, Sharof Rashidov tumani hokimining o‘rinbosari Olimjon Meliboyev maktab oromgohidagi bolalar bilan uchrashuv o‘tkazayotgan ekan.
Uchrashuv davomida ularning qiziqishlari, taklif va tashabbuslari tinglandi. Sport, madaniyat, axborot texnologiyalari va boshqa yo‘nalishlarda tashkil etilgan to‘garaklar faoliyati ko‘zdan kechirildi.
– Ta’lim muassasalarida bu kabi o‘quvchilarning yozgi sog‘lomlashtirish oromgohlarini tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad esa har bir yoshning qobiliyati va salohiyatini ro‘yobga chiqarish, bo‘sh vaqtlarida ularni foydali mashg‘ulotlarga jalb etish ekanligini ta’kidlab o‘tgan bo‘lardim, – deydi hokim o‘rinbosari. Shuningdek, u o‘quvchi yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish va o‘tkazish, ularni ijtimoiy hayotga faol jalb etish hamda salbiy illatlardan asrashga qaratilgan chora-tadbirlar bilan ham yaqindan tanishdi.
47-sonli maktabda ham dastur doirasida bir qator mazmunli va ijodiy to‘garaklar tashkil etilganligini alohida ta’kidlab o‘tish lozim. Ularda o‘quvchilar o‘zlarining bilim va salohiyatini namoyon etishlari uchun keng imkoniyatlar yaratilgani alohida tahsinga loyiq.
Mazkur ta’lim maskanidagi “Baxtli bolalik” to‘garagining faoliyati bolalarning erkin fikrlashi, ijodiy tafakkurini rivojlantiruvchi qiziqarli mashg‘ulotlar bilan boyitilgani e’tiborimizni tortdi.
“Dasturchi bolalar” to‘garagida zamonaviy IT ko‘nikmalarini egallashga intilayotgan yoshlar uchun dasturlash asoslari o‘rgatilayotgan ekan. “Yoshlar ovozi” to‘garagida esa, iqtidorli o‘quvchilar o‘z fikr-mulohazalari, ijodiy chiqishlari orqali qo‘shiqchilik va nutq mahoratlarini oshirmoqda.
Xizmat safarimiz davomida, tumandagi 46-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida “Parvoz” yozgi sog‘lomlashtirish maydonchasining chora-tadbirlar rejasi asosida o‘quvchi yoshlar bilan ishlash samarali tashkil etilganiga guvoh bo‘lganimizni ham ta’kidlab o‘tish lozim. Ta’lim muassasasida volleybol, gandbol, stol tennisi, shaxmat-shashka kabi sport, informatika va "Yosh kitobxon" to‘garaklarida bolajonlar bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishayotgan ekan.
Sharof Rashidov tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli boshqa umumiy o‘rta ta’lim maktablari qoshida tashkil etilgan yozgi sog‘lomlashtirish maydonchalarida ham ta’til davrida o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish uchun “Dolzarb 90 kun”lik dastur doirasida namunali ishlar amalga oshirilayotir.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari