Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maktab o‘quvchisi boshqargan “Cobalt” avtohalokatga uchradi
16:31 / 2023-06-05

Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanidagi maktablardan birining yuqori sinf o‘quvchisi Aziz Nesinov (ism-sharif o‘zgartirildi) o‘zboshimchalik bilan uyidagi "Cobalt" avtomashinasini ota-onasi ruxsatisiz ko‘chaga haydab chiqadi. Tengdosh do‘stlariga maqtanish maqsadida amalga oshirilgan bu qilmish oradan ko‘p vaqt o‘tmay, ko‘ngilxiralik bilan yakunlanadi.

Boshqarish huquqi va tajribasi bo‘lmasa-da, yengil mashinani katta tezlikda harakatlantirgan A.Nesinov qarama-qarshi yo‘nalishda kelayotgan “Nexia” rusumli avtomashinasi bilan to‘qnashib, baxtsiz hodisa sodir etadi. Avtoavariyada "Nexia" mashinasi va unda bo‘lgan 4 nafar yo‘lovchi ham jiddiy shikastlanadi. Voqea joyiga yetib kelgan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hodisa sabablarini o‘rganib chiqqach, ish sudga oshiriladi.  

Ochiq sud majlisida maktab o‘qituvchisi “Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish” jinoyatini sodir etganlikda aybdor deb topilib, unga nisbatan tegishli hukm chiqarildi. Avtomashina egasi va to‘rt nafar yo‘lovchi foydasiga 75 million so‘m zarar undirilishi belgilanib, ijro hujjati MIB Muzrabot tumani bo‘limi ish yurituviga qabul qilindi.  

– Voyaga yetmagan bolaning bu qilmishi oila uchun qimmatga tushdi, – deydi MIB Surxondaryo viloyati boshqarmasi katta inspektori Q.Tursunov. – Jamiyatimizda ayrim ota-onalar farzandi ust-boshining but bo‘lishini, to‘kin, tengdoshlaridan farovon hayot kechirishi tashvishini cheksa-da, ha, deganda ularning ichki dunyosi, ma’naviy ehtiyojlariga etibor qaratavermaydi. Bola xulqiga nisbatan bu kabi munosabatlar ham tarbiyasi og‘ir farzandlar kamolga yetishiga sabab bo‘lmoqda.  

Sudning mazkur hujjatiga muvofiq davlat ijrochilari davogarlar foydasiga o‘quvchi keltirgan zararni to‘liq undirib berdi.  

Xolmo‘min Mamatrayimov,  

O‘zA muxbiri