Davlatimiz rahbari huzurida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Davlat bojxona xizmati organlariga – viloyatlar (shaharlar) markazidagi maktablar biriktirish hamda ushbu maktablarda bojxona ishi yo‘nalishida ta’lim va tarbiya ishlarini tashkil etish, yoshlarni bojxona sohasiga qiziqishini oshirish vazifasi topshirilgan.
Mazkur topshiriqlar ijrosi yuzasidan Davlat bojxona qo‘mitasi va Xalq ta’limi vazirligining qo‘shma qarori asosida respublikamiz bo‘ylab har bir hududda tanlab olingan alohida maktablarda tahsil olayotgan o‘quvchilarni bojxona sohasiga qiziqtirishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlari olib borilmoqda.

Navbatdagi tadbirlar doirasida Toshkent shahar bojxona boshqarmasi hamda “Toshkent AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tomonidan poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi 114-son umumta’lim maktabi o‘quvchilari uchun ekskursiya tashkil etildi.
Ekskursiya davomida o‘quvchilar “Toshkent xalqaro aeroporti” chegara bojxona posti faoliyati bilan yaqindan tanishib, bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi jarayonlariga bevosita guvoh bo‘lishdi.
Bojxona postining uchib kelish va uchib ketish zallari, uchish maydoni, shu bilan birga, bevosita samolyot bortidagi bojxonachilar faoliyati bilan tanishish o‘quvchilarga o‘zgacha zavq ulashdi. Ekskursiya davomida o‘quvchilar o‘zlari uchun bojxona sohasining yangi qirralarini kashf etishdi.
– bugungi ekskursiya juda yoqdi, – deydi maktabning 11-sinf o‘quvchisi Behruz Shavkatov. – “Toshkent xalqaro aeroporti” bojxona postida bojxona xodimlarining aeroport tizimidagi ish jarayonlarini kuzatdik. Bu soha juda qiziq bo‘lishi bilan birga, mas’uliyatli ekan. Chetdan kelayotgan har bir fuqarolar sinchiklab nazoratdan o‘tkaziladi. Mazkur jarayonlar 100 foiz zamonaviy texnologiyalarda, onlayn-kameralar orqali amalga oshirilishini kuzatdik. Kelajakda men ham bojxona xodimi bo‘lishni va yurtimizga xizmat qilishni o‘z oldimga maqsad qilib oldim.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA