Surxondaryo viloyatida o‘tkazilayotgan aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirlari doirasida ikkita umumta’lim maktabida “Statistika sinflari” tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 7 oktyabrdagi 629-qarorida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining ikkitadan umumiy o‘rta ta’lim maktabida ro‘yxatga olishning aholi o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini ommalashtirish maqsadida “Statistika sinflari”ni tashkil etish belgilangan. Shunga muvofiq Qiziriq tumanidagi 36- va Termiz shahridagi 8-umumta’lim maktablarida ish boshlayotgan “Statistika sinflari” zamonaviy kompyuter va zarur mebel jihozlari bilan ta’minlandi.



Yangi sinfxonalarda nafaqat o‘quvchilarning raqamli savodxonligi oshiriladi, balki mamlakatimizda o‘tkaziladigan aholini ro‘yxatga olishdek yirik tadbirlarning mazmun-mohiyatini tushunish, raqamlar bilan ishlash va tahliliy fikrlash qobiliyatini yuksaltirishga qulay imkoniyat yaratadi. Kelajakda iqtisodiyot va axborot texnologiyalari sohalari uchun kuchli mutaxassislar tayyorlashda o‘ziga xos intellektual ta’lim maydon bo‘lib xizmat qiladi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri