Har yili 1 dekabr sanasi dunyo bo‘ylab Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni sifatida nishonlanadi. Ushbu sana munosabati bilan Sardoba tumani umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida OIV infeksiyasining yuqishini oldini olish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish va oilada sog‘lom muhit yaratish maqsadida eng yaxshi rasm, insho, diktant va zakovat ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda tumandagi barcha maktablardan o‘quvchilar faol ishtirok etishdi va o‘z ijodiy hamda bilim qobiliyatlarini namoyon etishdi. Maqsad — yosh avlodni OIV infeksiyasidan himoya qilish, ularda sog‘lom turmush tarziga e’tiborni kuchaytirish hamda huquqiy va tibbiy savodxonlikni oshirish edi.


Musobaqa natijalariga ko‘ra rasm yo‘nalishi bo‘yicha 16-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Abdurashid Saidov, zakovat klubi yo‘nalishi bo‘yicha 6-umumta’lim maktabi o‘quvchilari, diktant yo‘nalishi bo‘yicha 2-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Nilufar Aliqulova, insho yo‘nalishi bo‘yicha 18-maktab o‘quvchisi Anora Haydarovalar 1-o‘rinni hamda viloyat bosqichida ishtirok etish huquqini qulga kiritishdi.
Tadbir so‘ngida g‘oliblar musobaqa tashkilotchilari tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.


G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri