Har bir sohada salohiyati yoshlarning faoliyat olib borishi davlat rivoji uchun muhim ahamiyatga ega.
Yurtimizda yoshlarning tashabbus, loyiha va g‘oyalarini amaliyotga tatbiq etishga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilmoqda.
O‘quvchi yoshlar bilim va ko‘nikmalari sifatini yanada oshirish, maktablardagi ta’lim sharoitlarini o‘rganish, pedagoglarning salohiyatini tahlil qilib, mavjud bo‘shliqlarni aniqlash, maktablarda ta’lim samaradorligini oshirish bo‘yicha tegishli harakatlar rejasini ishlab chiqish maqsadida hududlardagi umumta’lim maskanlari har bir oliy ta’lim muassasalariga biriktirib berilgan edi.

Jumladan, O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetiga Toshkent shahridagi 316, 113, 85, 80, 40-sonli maktablardagi jarayonni o‘rganish hamda o‘qish sifatini tahlil qilib, mavjud kamchiliklar bo‘yicha amaliy yechimlar berish yuklatilgandi.
Mazkur oy davomida O‘zJOKU rahbariyati va professor-o‘qituvchilari Toshkent shahrida joylashgan bir qator maktablarda bo‘lib, o‘quv maskanlari faoliyati, o‘quvchilar hayoti bilan tanishdi. Muammo va kamchiliklar o‘rganilib, maktablarda o‘quv sifatini oshirish bo‘yicha tizimli loyihalarni ishlab chiqishga kirishildi. Harakatlar rejasi bilan ishlarni muvofiqlashtirish uchun ustuvor yo‘nalishlar belgilandi. Shuningdek, tegishli kafedralarni maktabga biriktirish ishlari amalga oshirildi.

Jarayon universitet xodimlarining maktablar hayoti bilan tanishishi orqali yakunlanibgina qolmadi. Maktab jamoalarining ham Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetiga kelib, o‘quv jarayonlarini kuzatishi yo‘lga qo‘yildi.
Xususan, 80-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori rahbarligida o‘qituvchi va o‘quvchilar universitetda bo‘lishdi. Mehmonlarga O‘zJOKU faoliyati, an’analari, qadriyatlari, professor-o‘qituvchilari haqida ma’lumot berildi.
– Ta’lim dargohimizning o‘z radio va telestudiyasi mavjud, – deydi universitetning Xalqaro jurnalistika va jamoatchilik bilan aloqalar fakulteti dekani Ravshan Rayimjonov. – Bu studiyalardan nafaqat talabalarimiz, shuningdek, sohaga ishtiyoqi baland maktab o‘quvchilari ham amaliyot maydonchasi sifatida foydalanishlari mumkin.

Jurnalistikaga qiziquvchi yoshlarning mazkur sohani ichidan, chuqurroq o‘rganishlari uchun universitetimizda barcha sharoitlarni yaratib beramiz, faqatgina talabgorlar shijoatli va mas’uliyatli bo‘lishsa, bas.
O‘quvchilar universitet hayoti qanday bo‘lishi, qay turdagi fanlar o‘qitilishi kabi o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi.
Diyoraxon Nabijonova,
O‘zJOKU talabasi