Ushbu savolga “Toshkent yoshlar forumi – 2020” doirasida o‘tkazilgan “Ijtimoiy soha – 2030: ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimi istiqbollari” mavzuidagi tadbirda xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov javob berdi.
- Joriy yildan o‘qituvchilar konspekt yozayotgani yo‘q. Bizga ma’lum qilishicha, o‘qituvchida 7 hujjat bor. Biz buni o‘rganib chiqqanimizdan keyin 2 tasi qoldi. Joriy yildan boshlab o‘qituvchi faqat jurnal to‘ldiradi. O‘qituvchining bilimini baholash, bu juda og‘riqli mavzu. Biz buni Sirdaryo va Surxondaryo viloyatidagi o‘qituvchilarning bilimini tekshirish maqsadida Davlat test markazidan o‘tkazib ko‘rdik. Natija yaxshi chiqqani yo‘q. To‘g‘ri, shuncha vaqt paxta tergan, ko‘cha supurgan o‘qituvchi qanday qilib o‘z ustida ishlaydi.
Ikki yil oldin o‘qituvchi paxta va boshqa majburiy mehnatdan ozod qilinayotganda Sherzod Shermatov yaxshi odam edi. Keyin o‘qituvchidan ta’limni talab qilganimizda hamma tosh otishni boshladi. O‘qituvchining faoliyatiga baho berish vaqti bilan bo‘ladi, vaqti bilan o‘qituvchiga sertifikat ham joriy qilamiz, vaqti bilan talab ham oshadi. Byudjetdan o‘qituvchining oyligini ham ko‘tarib borishimiz kerak. O‘shanda talab ham oshib boradi.
Shahnoza MAMATUROPOVA, O‘zA